Breaking News

"Vashington Tayms": Rossiya Ukraina irodasini bukmoqchi


Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev (chapda) va Bosh vaziri Vladimir Putin
Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev (chapda) va Bosh vaziri Vladimir Putin

Gazetada chiqqan maqolada aytilishicha, Vladimir Putin Rossiya imperiyasini tiklash maqsadida Ukrainaga bosim o'tkazmoqda.

AQSh matbuotiga qaraganda Sharqiy Yevropada G'arb diqqatiga molik jiddiy o'zgarishlar sodir bo'lmoqda. Rossiya Ukrainani yana bir viloyatiga aylantirishga harakat qilsa, uning tarixiy ittifoqchisi - Serbiya Yevropa Ittifoqiga qo'shilish ilinjida Moskva quchog'idan chiqib ketmoqda.

"Vashington Tayms"

"Vashington Tayms" gazetasi vashingtonlik tahlilchi Jeffri Kuxnerning Rossiya-Ukraina munosabatlariga doir qarashlarini chop etgan. Olim nazarida Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin Ukrainani qaram qilishga intilmoqda.

"Kreml Markaziy Osiyoga ta'sirini kuchaytirmoqda, Eronga qurollar sotib, Gruziyaga qarashli Abxaziya va Janubiy Osetiya respublikalarini urush bahonasida Rossiyaga qo'shib oldi. Qrimda yashovchi ruslarga Rossiya pasportlarini tarqatib, "gruzin ssenariysi"ni ishga solib, Ukrainadagi ruslarni xayoliy tahdiddan himoya qilish bahonasida bu mamlakatni bo'lib tashlamoqchi", deya fikr bildiradi tahlilchi Kuxner.

Siyosatshunos Ukrainaning yangi prezidenti Viktor Yanukovichni "Putinning malayi" deb atar ekan, respublikada mustaqil matbuot va muxolifatga tazyiq kuchayganini aytadi. Yanukovichning saylovlarda g'alaba qozongan "Regionlar" partiyasi rus tiliga rasmiy til maqomini berish harakatida ekan, internetdagi veb-sahifasida ukrain tilini inkor etib keladi, deb yozadi Kuxner.

Mutaxassis Putinning Ukrainani mensimasligiga misol keltirar ekan, bosh vazir 2008-yilda NATO anjumanida AQSh sobiq prezidenti Jorj Bushga "Ukraina haqiqiy davlat emas, Rossiyadan sovg'a sifatida qolgan" deganini eslab, Putin ko'p hollarda Ukrainani "Kichik Rossiya" deb atashini aytadi.

Jeffri Kuxner o'z maqolasida Obama ma'muriyatini Rossiyaga nisbatan siyosatida bo'sh kelmaslikka chaqiradi.

"Putin hukmronligi ostida Rossiyada fashizm kuchayib, Moskva AQSh va G'arbga qarshi pozitsiyani egallar ekan, Ukrainani rus ayig'i changalidan qutqarish kerak, Putinga imperiyani tiklashiga yo'l qo'ymaslik lozim", deb yozadi u.

"Vashington Post"

AQShda chiqadigan boshqa bir gazeta - "Vashington Post" esa mintaqadagi yana bir slavyan davlati - Serbiyaning Rossiya bilan munosabatlarini sharhlaydi. 1990-yillarda Yugoslaviya bo'linib, Bolqonda urush boshlangach, serblar G'arbga qarshi edi. Ayniqsa, NATO harbiy harakatlari natijasida Serbiyaning albanlar yashaydigan Kosovo viloyati undan mustaqil bo'lishga intilgach.

Natijada, deb yozadi "Vashington Post", Serbiya o'zini Rossiya quchog'iga otdi, ammo iqtisodiy qiyinchiliklar sabab va Yevropa Ittifoqiga qo'shilish ishtiyoqi tufayli so'nggi paytda rasmiy Belgrad G'arbga nisbatan munosabatini o'zgartirdi. Ayniqsa, islohotchi prezident Boris Tadich hokimiyatga kelgach.

To'liq mustaqillikka erishgan Kosovo bilan muloqotga ko'ndi, Bolqon urushi jinoyatchisi general Ratko Mladich qidiruviga zo'r bermoqda, urush paytida sodir etilgan jinoyatlar uchun uzr so'radi.

"Serbiya shunday ketishda davom etsa, NATO va Yevropa Ittifoqiga qo'shilishi hech gapmas", deb yozadi gazeta.

"Vashington Post" ga ko'ra, Belgradning bunday harakatlari, xususan, AQShning Serbiyaga e'tibori Moskvani asabiylashtirmoqda. Ayniqsa, Davlat kotibi Xillari Klintonning "Qo'shma Shtatlar Serbiyaning mintaqada yetakchi davlat bo'lib yetishishini va Yevropa Ittifoqiga a'zo bo'lishini istaydi" degan gaplari Kremlga yoqmagan.

Bolqon bo'yicha moskvalik tahlilchi Yelena Guskovaning aytishicha, agar Belgrad tashkilotga qo'shilsa, "Serbiya - Rossiyaning azaliy ittifoqchisi" degan tushuncha tubdan o'zgaradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG