Breaking News

Kuzatuvchilar: Ukraina avtoritarizmga yuz tutmoqda


Ukraina prezidenti Viktor Yanukovich
Ukraina prezidenti Viktor Yanukovich

Freedom House tashkiloti Ukrainani o'zining yillik jadvalida erkin mamlakatlar qatoridan qisman erkin toifaga tushirdi.

Viktor Yanukovich Ukraina prezidenti bo'lganiga bir yil to'ldi. Tarafdorlari mamlakatga barqarorlik keltirdi desa, tanqidchilari Ukraina Yanukovich boshqaruvi ostida borgan-sari Rossiya kabi avtoritarlashib bormoqda, deydi.

2004-yilda Ukrainada ro'y bergan "Qo'ng'ir inqilob" ketidan respublika besh yil siyosiy tanazzuldan chiqa olmay yurdi. So'ng saylovlarda Viktor Yanukovich g'alaba qozonib, xalq inqilob qahramonlaridan yuz o'gira boshladi. Sobiq prezident Viktor Yushchenko 10 foiz ham ovoz ololmadi.

O'tmishda eng yaqin safdoshi, sobiq bosh vazira Yuliya Timoshenko saylovlarni Yanukovichga boy bergach, Freedom House tashkiloti o'zining yillik jadvalida Ukrainani erkin mamlakatlar qatoridan qisman erkin toifaga tushirdi. "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti hisobicha, matbuot erkinligi bobida Ukraina so'nggi bir yil ichida 42 pog'onaga tushdi.

Kiyevda "Senzurani to'xtating" harakati vakili Nataliya Ligachovaning aytishicha,
hukumat Kremlga ergashib, televideniyeda senzurani joriy etdi, kanallarni o'z siyosati targ'ibotchisiga aylantirdi.

"Bosma matbuot va internetda ham erkinlik cheklandi", - deydi Ligachyova.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Oleg Voloshinning aytishicha, aksariyat jurnalistlar va inson huquqlari faollari Qo'ng'ir inqilob tarafdorlari bo'lgani uchun, saylov natijalari ular uchun kutilmagan hol bo'ldi.

"Inqilobdan keyingi besh yil davomida siyosiy tanazzulni boshdan kechirdik. Undan chiqishga qaratilgan har qanday harakat esa bunday ahvolga o'rganganlar ko'ziga matbuot erkinligini cheklash deb ko'rinishi mumkin", - deydi rasmiy.

AQSh elchixonasi yaqinda bayonot chiqarib, hukumatni siyosiy raqiblarni ta'qibga olayotganlikda aybladi. Yevropa Ittifoqi esa "agar Ukraina joriy yilda erkin savdo bitimiga erishmoqchi bo'lsa, demokratik tamoyillardan chekinmasligi kerak" deb ogohlantirdi.

Shunga qaramay Yuliya Timoshenko va boshqa sobiq vazirlarga turli ayblovlar qo'yilib, ularning ishi tergov qilinmoqda.

"Yanukovich yangi temir parda torta olaman, deb bekorga umid qilyapti. U hali ham sovetcha qarashlarga muvofiq yashayapti", - deydi sobiq bosh vazira.

Timoshenko Yanukovichni zolim deb ataydi.

"Prezidentligining birinchi yilida islohotlar, o'zgarishlar, barqarorlik o'rniga avtoritarizmning boshlanishini ko'rdik", - deydi u.

Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Oleg Voloshinning aytishicha, sobiq rasmiylarni tergov qilish butun dunyo bo'ylab odatiy hol.

"Siyosiy ta'qib haqida gap bo'lishi mumkin emas. Axir Timoshenko hali ham namoyishlar uyustiryapti, xorijiy jurnalistlar bilan uchrashyapti, intervyular beryapti, reytingi oshyapti", - deydi Voloshin.

Ayrimlar nazarida Yanukovich Ukrainada Rossiyadagi kabi tuzum o'rnatmoqchi. Ammo taniqli rossiyalik jurnalist Yevgeniy Kiselyov bundan tashvishda emas. U Ukrainani Belgiya va Kanadaga o'xshatadi. Turli tilda so'zlashuvchi, xilma-xil etnik guruhlar yashovchi bu davlatlarda ham hokimiyat markazlashgan. Kiselyov hozirda Ukraina televideniyesida siyosiy tok-shou olib boradi.

"Ukraina turli regionlar, dinlar, manfaatlar, guruhlarni o'zida mujassam etgan davlat bo'lib, Putinning ssenariysi bu yerda ishlamaydi", - deydi jurnalist.

Yevgeniy Kiselyovning taxmin qilishicha, keyingi prezident saylovlarida Yanukovich muxolifat tomonidan kuchli qarshilikka uchraydi. Ammo ungacha yana to'rt yil bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG