Ukraina inqirozidan xalqaro sarmoyadorlar xavotirda

  • Amerika Ovozi

Ukrainada ziddiyatlar kuchaymoqda. Shunga qaramay, xalqaro hamjamiyat tomonidan va’da qilinayotgan yordam miqdori ham oshmoqda. Ayni paytda Rossiya va Ukraina o’rtasidagi ixtilofdan har ikki mamlakat iqtisodiyoti ham zarar ko’rmoqda.

Sarmoyadorlar moliyaviy yo’qotishlar faqat bu mamlakatlar bilan cheklanib qolmasligidan xavotirda.
Ukrainaning sharqiy chegarasida rossiyaparast kuchlar ko’prikni to’sib qo’ydi. 60 km. janubda esa ular hukumat binosini ishg’ol qilmoqda.

Osmonda Ukraina harbiy vertolyotlari vaziyatni yaqindan kuzatmoqda.
Fuqarolar urushi xavfining mavjudligi sarmoyadorlarni jiddiy tashvishga solgan. “Hauk & Aufhauser” bankining bozor strategiyasi bo’yicha mutaxassisi Fidel Helmer vaziyat yanada yomonlashishidan xavotirda.

“Bilish bilan ishonish bir xil narsa emas. Ammo ahvol yanada yomonlashayotganidan xavotirdaman. Kamida keyingi ikki hafta ichida bozor istiqbolining salbiy ekani haqida xabar berishga majburmiz”, - deydi u.

Ukrainadagi vaziyat Osiyodan tortib AQShgacha birja bozorlariga ta’sir qilib, shu paytgacha qo’lga kiritilgan daromadlarni ham yo’qqa chiqardi.

Geosiyosiy noaniqlik yuqori bo’lishiga qaramay, bozorlar jiddiy o’zgarishga uchramadi, deydi Rassel investitsiya firmasi tadqiqotchisi Stefan Vud.

“Hamma ma’lumotlar hisobga olinganda, olingan daromadlar, bozorning o’sishi, Ukrainadagi vaziyat, yosh bozorlar hamda Vashingtondagi kayfiyat – bularning hammasi yil boshidan beri erishilgan muvaffaqiyatlarni yo’qqa chiqargan bo’lsa-da, sarlavhalarda vahima qilinayotganidek darajada yomon emas”, - deydi u.

Ukraina iqtisodiyoti halokat yoqasida turgan bir paytda AQSh Kiyevga bir milliard dollar miqdorida kredit kafolati berishini ma’lum qildi. Xalqaro valyuta jamg’armasi orqali va’da qilingan yordam miqdori esa 27 milliard dollarga yetdi.

“Bu kredit kafolati Ukraina hukumatini xalqaro moliya bozorlaridan qarz olishini va iqtisodiy hisob-kitoblarni amalga oshirishini osonlashtiradi”, - deydi AQSh Moliya vaziri Jek Lyu.

Bu orada Yevrora Rossiyaga nisbatan jazo choralarini kuchaytirishni rejalamoqda.
Rubl so’nggi besh yil ichida qadrsizlanishning eng quyi nuqtasiga tushgan bir paytda Kreml o’ylab qadam bosishi kerak, deydi “IHS Global tahlil” tashkiloti iqtisodchisi Lilit Gevorgyan.

“Qisqa muddat ichida yevropaliklar ko’proq jabr ko’rishi mumkin. Ammo o’rta va uzoq muddatda bu ixtiloflardan Rossiya ko’proq pand yeydi”, - deydi u.

Ammo tahlilchilarning ogohlantirishicha, Rossiyaga zarar yetkazuvchi har qanday harakatdan uning hamkorlari, jumladan, Yevropa ham aziyat chekadi. Hozir Yevropa gazining 30 foizini Rossiya yetkazib beradi. Gaz quvurlari, asosan, Ukraina orqali o’tgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG