Rossiya Qrimdan Ukraina kuchlarini haydamoqda

  • Amerika Ovozi

Belbek havo bazasida Ukraina kuchlari joylashgan

Belbek havo bazasida Ukraina kuchlari joylashgan

Qora dengiz bo’yidagi Sevastopolda Rossiya kuchlari bugun Belbek havo bazasini qurshab olgan. Ukrainadan u yerni bo’shatish talab qilingan. Qurshov haqida oldindan ogohlantirilmagan. Rus zobitlar inshootni avval o'qqa tutgan, keyin bostirib kirgan. Bir ukrain askari jarohatlangan.


Baza oldiga borgan jurnalistlarning kameralari tortib olingan va ularni haydashgan. Vaziyatni tasvirga tushirgan “Amerika Ovozi” jurnalisti Daniel Sherfning kamerasi rus harbiylari tomonidan yo’q qilingan.

Qrim Rossiyaniki, bu yerda endi rus qo’shinlari xo’jayin, ukrainlar yo’qolsin deya hayqirmoqda zobitlar. Ukraina bazalarni va kemalarni bo’shatishi shart, deydi ular.

Ukraina kuch bilan javob bermagan. Davlat madhiyasini aytgan zobitlar qurollarni omborga qo'yib, uni yopgan.

Polkovnik Yuliy Manchur, baza qo'mondoni:

"Hozirda maydonda 10-12 ta qurollangan samolyotimiz bor, odam tashiydigan. Buyruqni kutayapmiz. Rahbariyat nima qaror qilsa, shunga tayyormiz".

Belbek Sevastopol xalqaro aeroporti bilan bog’liq inshoot. Rossiya esa bu yerda katta sonli dengiz kuchlariga ega.

Novofedorovkadagi baza ham tortib olingani haqida xabarlar bor. U yerda haloyiq to'planib, to'polon yuzaga kelgani ma'lum.

Rossiya hukumati nazarida Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Ukrainada tekshiruvlar olib borishi ijobiy qadam. Lekin bu organ xodimlari Qrimga kiritilmaydi.

Tashqi ishlar vazirligining bayon qilishicha, Ukrainadagi ichki inqiroz xalqaro e’tibor talab qiladi, ammo yaqinda Rossiyaga qo’shilgan Qrimda vaziyat joyida.

Ukrainada millatchilik va ultra-radikal kuchlar kun sayin kuchayib bormoqda, deydi Rossiya rasmiylari. Kiyev esa bu da’volarni inkor etib, Kremlni aggressiya va tuhmatda ayblashda davom etmoqda.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Ukrainaga shu kunlarda 500 kuzatuvchi yuboradi, inson huquqlari bilan bog’liq ahvolni tekshirish uchun.

AQSh, eng yirik a’zo davlat, Qrim Ukrainaning ajralmas qismi va tashkilot u yerni ham tekshirishi kerak deb turib olgan.
Rossiya kuchlari

Rossiya kuchlari


Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa kecha Qrim federatsiya tarkibiga kirganini tasdiqlovchi qonunga imzo chekdi. Amerika buni hech kim tan olmaydi deya ogohlantirmoqda.

Kelasi hafta prezident Barak Obama Yevropaga safar qilar ekan, muhokamadagi asosiy masala Qrim bo’ladi.

NATO, Yevropa Ittifoqi va Katta Yettilik doirasida bu muammo izchil ko’rib chiqilmoqda va a’zolar Qrim yuzasidan yakdil – yarimorol Ukraina hududi, deydi Obamaning xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Syuzan Rays.

AQSha o’z ittifoqchilari bilan birgalikda Rossiyani yakkalash yo’lidan boradi, deya qayd etadi rasmiy.

Ukrainaning "Slavutich" harbiy kemasi

Ukrainaning "Slavutich" harbiy kemasi



"Slavutich" - Sevastopol bo'g'ozida Ukraina bayrog'i osilgan oxirgi harbiy kema.

Rossiya kemalari uning sohilga yo'lini to'sib qo'ygan.

Mahalliy baliqchilar manzaraga befarq ekanini aytadi.

"Rossiya Sevastopolda kemalari turgani uchun haq to'lab kelar edi. Endi ana Ukraina to'lasin",- deydi o'zini Igor deb tanishtirgan qrimlik.

Qrim poytaxti Simferopol yaqinida ham Ukrainaning bir necha kemasi joyidan silmay turibdi. Lekin "Donuzlav" dengiz floti bazasi hozirda Rossiya nazoratiga o'tgan.

Ukrain dengizchilari Rossiyaning bosimidan to'yganini aytadi. Nega Kiyev hech narsa qilmayapti? - deya hayron Sergey ismli xizmatchi.

"Bizga vaqt berishdi, bugun tungacha, yo ketasan, yo qolasan deb. Yo Ukraina yo Rossiya. Men dengizchilikni tashlashga qaror qildim. La'nat hammasiga".

Sevastopol uzoq yillardan beri ham Rossiya, ham Ukraina dengiz kuchlari qarorgohi. Endi esa, deya bildirmoqda Kreml, u butkul federatsiya mulki.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG