Breaking News

MDH rahbarlaridan deyarli hech kim Kiyevga bormadi


Ukraina prezidenti Petro Poroshenkoning qasamyod marosimida Mustaqil davlatlar hamdo’stligidan (MDH) faqat Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko qatnashdi.
MDH davlat rahbarlaridan deyarli hech kim Kiyevga bormadi/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:08 0:00
Yuklab oling

Ukraina bilan Rossiya o’rtasidagi munosabatlarga betaraf baho bergan O’zbekistondan prezident Islom Karimov Kiyevga tashrif buyurmadi. Ekspertlarga ko’ra, MDHda Rossiyaning bosqini qarshisidagi tahdiddan qo’rquv kuchli.

Petro Poroshenkoning qasamyod marosmida Ukraina hududiy yaxlitligini qo’llab chiqqan rasmiy Toshkent qaysi darajada ishtirok etgani noma’lum. Taklifnomalar Rossiya prezidenti Vladimir Putindan tashqari MDHning boshqa a’zolariga ham yuborilgan edi.

Nafaqat O’zbekiston balki MDH doirasidan oliy darajadagi ishtirok deyarli kuzatilmadi. Ehtimol shu bois Belarus rahbari Lukashenko jurnalistlarda katta qiziqish uyg’otdi.

Lukashenkodan nima sababdan qasamyod marosimida MDH bo’yicha hamkasbrlaridan deyarli hech kim, jumladan Islom Karimov ham, Nursulton Nazaboyev ham qatnashmagani yuzasidan izoh so’radik.

Lukashenko birinchi galda bu savolni ularning o’ziga yo’llash kerakligini aytsa-da, qisqa izoh berib o’tdi.

“Men Islom Karimov haqida hech narsa deyolmayman, chunki u bilan uchrashmaganimizga ancha bo’ldi. Nazarboyevning Ukrainaga munosabati juda yaxshi; bilasiz u Ukarinada o’qigan, bu xalqni juda yaxshi biladi, hurmat qiladi. Nima sababdan qasamyodga kelishmagani yuzasidan ularning o’zlaridan so’rash kerak”, - dedi Belarus rahbari.

Aleksandr Lukashenko jurnalistlar bilan suhbatda yaqinda imzolangan Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi yuzasidan fikr bildirar ekan, Rossiya va Qozog’istondan biroz noroziligini ifodalab o’tdi.

“Ittifoq doirasida uch tomonlama hal eshilishi kerak bo’lgan ayrim masalalarni Rossiya ham, Qozog’iston ham faqat ikki tomonlama munosabatlar shakliga ko’chirdi. Biz yuzma-yuz gaplashib olishimiz kerak. Ittifoq hali rejadagidek ishlab ketgani yo’q”, - dedi Lukashenko.

Ta’kidlash joiz, Toshkentda o’tgan xalqaro konferensiyada so’zlagan prezident Islom Karimov Rossiya, Belarus va Qozog’iston a’zoligidagi Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi davlatlar mustaqilligiga tahdid solishini aytgan.

Ukraina mojarosida Rossiya pozitsiyasini yoqlab kelayotgan Lukashenkoning inauguratsiyada qatnashganini ukrain ekspertlari turlicha baholashadi. Ko’pchilik uning tashrifi Putin bilan kelishilgan holda amalga oshganiga shubha qilmaydi.

Siyosatshunos Igor Gavrilov fikricha, MDH doirasidagi prezidentlardan deyarli hech kim inauguratsiyada qatnashmagani Rossiyadan qo’rquv borligini ko’rsatadi.

“Rossiya Qrimni bosib olib, Ukraina sharqidagi terrorchilarni qo’llab turgan bir paytda Ukraina prezidentining qasamyod marosimida qatnashish qaltis tuyulishi mumkin. Markaziy Osiyo prezidentlari katta og’aning e’tiborini tortishni xohlashmaydi. Ukraina tomon qo’yilgan har qanday qadam Putin siyosatiga qarshilik sifatida baholanishi mumkin”, - deydi Gavrilov.

Uning aytishicha, Lukashenkoning ishtiroki uning ikkiyoqlama siyosatga ustaligi bilan ham bog’liq.

“Lukashenkoning Putin qarshisida egilib turishi hammaga ma’lum, ammo shu bilan bir qatorda u Ukraina masalasida biroz o’zgacharoq qarashlari bilan ham tanilgan. Masalan, uning Turchinov bilan o’tgan uchrashuvini eslatib o’tish mumkin. Boshidanoq Lukashenko Ukraina bo’yicha ikkiyuzlama bir munosabatni tanladi”.

Prezident Petro Poroshenko mehmonlar oldida qilgan nutqida Qrim Ukrainaning ajralmas qismi bo’lib qolishini ta’kidladi. Ukraina Radasida o’tgan marosimda 50 dan ortiq xalqaro delegatsiyalar qatnashdi, jumladan AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG