Kiyevda vaziyat keskinlashmoqda, qurbonlar bor

  • Amerika Ovozi

Ukraina poytaxti Kiyevda namoyishchilar politsiya bilan olishmoqda, 18-fevral, 2014-yil

Ukraina poytaxti Kiyevda namoyishchilar politsiya bilan olishmoqda, 18-fevral, 2014-yil

Kechagi qonli to'qnashuvlar ketidan Ukraina poytaxti Kiyevda hamon tumonat odam. Namoyishchilar va militsiya o'rtasidagi olishuvlar 25 odamni hayotdan olib ketgan. Faollar qo’lbola bomba va mushaklar otib, shina va yog’och yoqqan, militsiya esa rezinali o’q va suvni ishga solgan.

Ichki ishlar vazirligiga ko'ra, yetti militsioner quroldan halok bo'lgan. Jami 298 posbon va ichki qo'shinlar xodimi jarohat olgan, 59 nafari quroldan. Shuningdek, 200 dan ziyod namoyishchi jarohat olgan, 25 jurnalist shikast yegan.

Bugun namoyishchilar parlament binosi tomon yurganda ularga kechgacha tarqalish buyurilgan, aks holda ularga nisbatan qonuniy choralar ko’rilishi aytilgan.

Oq uy matbuot kotibi Jey Karni Qo’shma Shtatlar Kiyevdagi zo’ravonliklardan tashvishda ekanini aytib, prezident Viktor Yanukovichni vaziyatni yumshatishga chaqirgan.

Muxolifat yetakchisi Vitaliy Klichko ayollar va bolalarni Mustaqillik maydonini tark etishga chaqirgan, shaharga kirish yo’llari to’silgan.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo’yicha mas’ul rasmiysi Ketrin Eshton ham voqealardan xavotir bildirib, zo’ravonliklarni qoralagan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonot chiqarib, G’arbni Ukrainadagi radikal kuchlarni zo’ravonlikka gijgijlaganlikda aybladi.

Kecha Rossiya Ukrainaga va’da qilingan 15 milliard dollarlik iqtisodiy yordamning yana ikki milliardini berishga tayyor ekanini bildirdi. Rossiya bu mamlakatning yevroobligatsiyalarini sotib olmoqda. O’tgan yil oxirida Kiyevdan uch milliard dollarlik qimmatbaho qog’ozlar sotib olingan.

Germaniya kansleri Angela Merkel kecha Ukraina muxolifatining ikki yetakchisi Vitaliy Klichko va Arseniy Yatsenyuk bilan uchrashdi. Ular Yevropa Ittifoqidan Yanukovich hukumatiga qarshi sanksiya qo’yishni so’ramoqda. Biroq Merkel bunga hozircha rozi bo’lmagan.

AQSh va Yevropa Ittifoqi ham Ukrainaga moliyaviy yordam berish ustida o’ylanmoqda va bu borada Xalqaro valyuta jamg’armasi bilan maslahatlashmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG