BMT: Ukraina sharqida qotilliklar, odam o'g'irlash ko'paygan

  • Amerika Ovozi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi hisoboti Ukraina sharqida inson huquqlari bilan bog'liq ahvol keskin yomonlashganini ko'rsatadi.

Rossiya quvvatlayotgan separatistlar 2014-yilning aprelida hukumatga qarshi hujumlarni boshlaganidan buyon qariyb 8 ming odam o'lgan, yaradorlar 18 mingga yaqinlashmoqda.

Yangi hisobot joriy yilning may oyidan avgustgacha bo'lgan davrni qamrab oladi. Bu vaqt oralig'ida aholi orasida talafotlar soni undan oldingi uch oy bilan solishtirganda ikki baravar oshgan.

Fevraldan maygacha bo'lgan davrda 60 kishi halok bo'lgan edi, so'nggi uch oyda esa o'lganlar 105 nafarni tashkil etadi.

BMT Inson huquqlari idorasidan Giani Magazeniga ko'ra, Ukrainaning Donetsk va Lugansk mintaqalarida, ayrim nuqtalarida urush-zo'ravonliklar davom etayotgani mamlakatga xorijiy jangchilar kirishda davom etayotgani bilan bog'liq. Uning aytishicha, Rossiya bo'lginchilarni, shuningdek, ilg'or qurollar va o'q-dori bilan ta'minlab turibdi.

"O'zini Donetsk va Lugansk Xalq respublikalari deb ataydigan hududlarda qotillik, odam o'g'irlash va garovga olish, zo'rlash, majburiy mehnat kabi holatlar hisobotda atroflicha tasvirlangan. Bu yerda uch million aholi yashaydi, ularning haq-huquqlarini ta'minlaydigan biror mexanizm yo'q", - deydi Magazeni.

BMT rasmiysiga ko'ra, Donetsk va Luganskni boshqarayotgan isyonchi guruhlar fuqarolarga pasport ulashayapti va jinoiy javobgarlik to'g'risida qonunlar ishlab chiqqan. Ammo bu hujjatlar na xalqaro, na Ukraina qonunlariga to'g'ri keladi.

Ukraina harbiylari va xavfsizlik xizmati esa odamlarni noqonuniy ravishda ushlash, uzoq muddatga qamab qo'yish va tashqi dunyo bilan aloqadan mahrum etishda tanqid qilinadi. Hibsdagilar qiynoqqa solingan hollar ko'p, deydi BMT inspektorlari.

Qurolli mojaro tufayli Ukraina xalqi yuzlashayotgan ijtimoiy va iqtisodiy muammolarning keti ko'rinmaydi. Yil boshidan buyon real daromad qariyb 24 foizga kamaygan, narx-navo esa 41 foizga oshgan.

BMT hisobotida Qrim yarimorolida inson huquqlari muntazam poymol etilayotganiga alohida e'tibor qaratilgan. O'tgan yili Rossiya noqonuniy ravishda bosib olgan bu hududda dissident va dushman deb ko'rilgan shaxslar doimiy kuzatuv ostida. Rossiyani tanqid qilganlar, ayniqsa, qrim-tatarlar tazyiq kuchayganidan shikoyat qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG