Poroshenko Donetskdagi xurujda isyonchilarni, Rossiya esa Ukraina armiyasini ayblamoqda

  • Amerika Ovozi

Ukraina rasmiylariga ko'ra, sharqdagi Donetsk shahrida artilleriya snaryadi trolleybusga tegib, kamida 13 odam o'lgan. Ukraina Bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk hujumda rus terrorchilari aybdor dedi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa bu ishni Ukraina armiyasi qilgan deb, rasmiy Kiyevni provokatsiya va insoniyatga qarshi jinoyatda ayblamoqda.

Bu o'rtada Ukraina armiyasi Donetsk aeroportidan chekinganini ma'lum qilmoqda. So'nggi bir necha oy harbiylar isyonchilar bilan bu strategik obyekt uchun qattiq jang qilgan.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri isyonchilarni hududini kengaytirib, sulh shartlarini buzganlikda aybladi.

Kerri kecha Vashingtonda Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalar bo'yicha rasmiysi Federika Mogerini bilan uchrashdi. Uning aytishicha, isyonchilar so'nggi haftalardagi janglarda qo'shimcha ming kvadrat kilometrdan katta yerni nazoratiga olgan.

Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko mamlakatda 9000 dan ziyod rossiyalik harbiy borligini da'vo qilmoqda. Uning Davosdagi Xalqaro iqtisodiy forumda aytishicha, Kreml isyonchilarni 500 tank, og'ir artilleriya, bronetransportyorlar bilan ta'minlagan.

Sergey Lavrov bularning barchasini uydirma deb, isbot talab qilmoqda. Uning aytishicha, agar haqiqatda shunday bo'lganida edi, hududni diqqat bilan kuzatayotgan G'arb razvedkasi bundan xabardor bo'lardi.

Bu o'rtada Prezident Obama kecha telefonda Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarboyev bilan gaplashgan. Obama va Nazarboyev Ukraina sharqidagi vaziyatga to'xtalib, Minskda hukumat va isyonchilar o'rtasida erishilgan sulh shartlari ahamiyatiga urg'u berdi.

"Mojaroni muzokara orqali hal etish lozim", - dedi ular.

Obama Nazarboyevdan vositachilik rolini kuchaytirishni so'radi. Ma'lumki, Qozog'iston rahbari Ukraina hukumati va isyonchilarga Ostonada Rossiya, Germaniya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari ishtirokida muloqot qilishni taklif etgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG