To'rt davlat bosh diplomati Parijda Ukrainadagi vaziyat haqida gaplashdi

  • Amerika Ovozi

Ukraina, Rossiya, Germaniya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari Parijda uchrashmoqda, Fransiya, 24-fevral, 2015-yil

Ukraina, Rossiya, Germaniya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari Parijda uchrashmoqda, Fransiya, 24-fevral, 2015-yil

Ukraina, Rossiya, Germaniya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari bugun Parijda uchrashib, 15-fevral kuni Minskda imzolangan sulh ijrosi qanday ketayotganini muhokama qildi.

Vazirlar qo'shma bayonot chiqarib, mojaroga aralashgan barcha tomonlarni sulhni bajarishga, uning ijrosini nazorat etish uchun Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilarini Ukrainaning mojaroli hamma nuqtalariga kiritishga chaqirdi.

Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko Birlashgan Arab Amirliklaridagi qurol yarmarkasida ishtirok etib, bu davlatdan qurol sotib olish haqida gapirdi.

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga qurol uzatmoqchi emas. AQSh ham bu borada hali qaror qabul qilmagan. Ukrainani chetdan qurol bilan ta'minlash mojaroni keskinlashtiradi, degan fikr keng tarqalgan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina va Rossiya o'rtasida urush bo'lishiga ishonmaydi.

"Bunday mojaro hech kimga, ayniqsa Yevropaga kerak emas", - dedi Putin.

Ikki mamlakat o'rtasida qurolli to'qnashuv bo'lmasa-da, iqtisodiy ziddiyat kuchaymoqda. Ukrainaga gaz uzatayotgan Rossiyaning Gazprom kompaniyasi Kiyevdan to'lov tushmayotganiga ishora qilib, kelasi ikki kunda pul tushmasa gazni butunlay o'chirib qo'yishini bildirmoqda. Shunday bo'lgan taqdirda Yevropa ham gazsiz qolishi mumkin.

Yevropa gazning uchdan bir qismini Rossiyadan oladi, shuning yarmi Ukraina orqali o'tadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG