Breaking News

Ukrainada korrupsiyaga qarshi agentlik tuzildi


Korrupsiyaga qarshi kurash haqdagi qonun ovozga qo'yilganida majlisda qatnashmagan deputatlar suratlariga faollar pomidor otyapti. Kiyev. 2014-yil.
Korrupsiyaga qarshi kurash haqdagi qonun ovozga qo'yilganida majlisda qatnashmagan deputatlar suratlariga faollar pomidor otyapti. Kiyev. 2014-yil.

Korrupsiya botqog’iga botgan Ukraina bunday noqonuniy amaliyotni yo’q qilmoqchi. Shu maqsadda hukumat korrupsiyaga qarshi kurash olib boradigan idora tuzdi. Biroq Korrupsiyaning oldini olish milliy agentligi ishiga ham Ukraina hukumati, ham mamlakatning badavlat oligarxlari halal berishi mumkin.

Korrupsiyaga qarshi byuro nomini olgan idora barcha darajadagi lavozimlarni egallab kelayotgan rasmiylarning noqonuniy faoliyatiga doir da'volarni tekshiradi. Na prezident, va deputatlar, na gubernatorlar va shaharlar merlari bundan mustasno bo’ladi.

Byuro tergov ishini ochish, korrupsiyada gumon qilinganlarni sud orderi bilan hibsga olish, ularning aktivlarini aniqlab, muzlatib qo’yishga haqli. U, shuningdek, boshqa davlat idoralaridan rasmiylarning daromadi, aktivlari va xarajatlari haqida ma’lumot talab qilishi mumkin.

“Transparency International” xalqaro tashkilotidan Olena Kifenko uch ustuvor maqsad borligini aytadi. Bular hozirgi davrning korrupsiyalashgan rasmiylari, Viktor Yanukovich prezidentligi davrida davlat lavozimlarini egallagan va korrupsiyalashgan rasmiylarni javobga tortish hamda byuro ishining samaradorligini oshirish.

Ukrainadagi yangi hukumat sobiq Prezident Viktor Yanukovich, uning o’g’li va qator boshqa mansabdorlarning hibsga olinishini buyurgan va hatto Interpol orqali qidiruvga bergan. Biroq Yanukovich va boshqalar Rossiyada boshpana topgan, Moskva esa ularni ekstraditsiya qilishi amri mahol.

16-aprel kuni byuro boshlig’i etib Kiyev shahar sobiq prokurori, 35 yoshli Artyom Sitink tayinlandi. U 2011-yilda Yanukovichdan noroziligi va huquq-tartibot organlarining qonunga zid faoliyati sababli iste’fo bergan edi.

Amaldagi Prezident Petro Poroshenko Ukrainaning barcha yuqori lavozimli rasmiylari faoliyatini byuro o’rganib chiqishi mumkinligini aytgan.

Idora korporatsiyalar faoliyatini ham o’rganadi. 26-aprel kuni kuchga kirgan qonunga ko’ra, davlatga qarashli shirkatlar hamda davlat kontraktlariga ega kompaniyalarda ichki aksil-korrupsiya dasturi amal qilishi lozim. Bu vazifani bajaruvchi xodim ham tayinlanishi kerak.

Yoz o’rtalariga borib, byuro ishlay boshlaydi. Xodimlarining soni 700 atrofida bo’ladi.

Idora ta’sis etildi. Keyingi bosqich – korrupsiyaga qarshi kurash olib borish, deya bildiradi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti.

Ushbu tashkilot chiqargan hisobotda yozilishicha, “tergov ishlarining samarasizligi va korrupsiyaga qarshi kurashning natija bermayotganiga sabab shuki, sistematik va yuqori darajadagi korrupsiyaga qarshi kurash uchun haqiqiy siyosiy iroda va xohish yo’q”.

Byuro salohiyati va muxtoriyati himoya qilinishi kerak, deyiladi hujjatda. Buning uchun konstitutsion asos yaratilishi lozim.

“Transparency International” xalqaro tashkilotidan Olena Kifenko eng asosiysi - qonunga xilof amaliyotlarga chek qo’yish, deydi. Bu esa byuroning qanchalik yaxshi tashkil etilganiga bog’liq.

“Yangi tuzilma oldida qator murakkab vazifa va muammolar turibdi, - deydi u. – Korrupsiyalashgan rasmiylarni qamash yoki hammani qo’rquvga solish qiyin emas. Idora faoliyatining samaradorligini oshirish esa oson bo’lmaydi”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG