Ukraina korrupsiyaga qarshi maxsus agentlik ochgan

  • Amerika Ovozi

Ukrainada yangi qonun hokimiyatda o’tirganlardan shaxsiy mulk haqida hisobot berishni talab qiladi. Vazirlar mahkamasi, masalan, millionerlardan iborat.

Ukraina sobiq rahbari Viktor Yanukovichning uyi hozir muzey. Korrupsiya orqali boyigan sobiq prezidentdan qolgan koshona.

2014-yilgi inqilob hokimiyatga “toza odamlarni” olib kelishi kerak edi. Yangi avlod, yangicha boshqaruv, oshkoralik, halollik. Biroq Ukraina hamon yulg’ichlar qo’lida degan fikr keng tarqalgan.

“Maydonda qancha odam o’lib ketdi, yangi tuzum barpo etilsin deb. Yangi rahbarlar kelsin degan edik. Rahbarlar yangilandi, lekin eski odatlarni tashlamadik. Hokimiyat bizning rahbarlarimiz uchun mol-dunyo orttirish vositasi. Xalqning haqqini yeyish bilan ovora”.

Ukraina Bosh vaziri Volodomir Groysmanning tan olishicha, uyida 1,6 million dollari bor, naqd pul. Yashirishga hojat yo’q.

Aksariyat ukrainaliklar siyosatchilar boy ekanidan hayron emas. Muhimi, buni yashirmasin va bu boylik qayerdan kelayotganini bilaylik, deydi ular.

“Oshkoralik hokimiyatdagilardan xalqqa hisobot berishni talab qiladi. Bunga o’rganish kerak, toki kelajakda bu odatga aylansin”,- deydi tahlilchi Orisya Lutsevich.

Qizig’i, ayrim siyosatchilar, xususan qonunchilar aslida biz o’ylaganchalik boy bo’lmasligi mumkin. Lekin badavlat ekanini ro’kach qilib, hozirgi o’rniga saylangan, deydi bu borada izlangan mutaxassislar.

“Qonun ustuvor bo’lmagan va adliya mustaqil ish tutmagan paytda xalqdan o’marib quturgan odamlar hali ham o’sha boylikka yashab yuribdi. Ukrainaning 50 dan oshiq sudyasi millionerlar. Korrupsiya chuqur ildiz otgan. Bir organga xos balo emas”.

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga iqtisodiy yordam va vizasiz rejim taklif qilish uchun shart qo’ygan. Rahbarlar bir tiyin ham o’marmasligi kerak va blokka bu borada isbot ko’rsatilishi kerak. Doimiy hisobot beriladi.

“Yevropa Ittifoqi bu talabini aslo yumshatmasligi lozim. Ukraina oldidagi majburiyatlar ro’yxatini uzaytiraverish kerak. Shundagina o’zgarish bo’ladi”.

BMT nazarida ham Ukraina to’laqonli demokratiya bo’lishi uchun korrupsiyani yo’q qilish kerak.

“Yangi qonun va talablar bu mamlakatni to’g’ri yo’lga boshlaydi degan fikrdamiz. Bu davlatni quvvatlashda davom etamiz va ulkan yangiliklar kutamiz”, - deydi Yan Tomas Haymstra, BMT vakili.

Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi yangi agentlik ishga tushgan. 100 ming turli forma ishlab chiqilgan. Har bir amaldor tegishli hujjatlarni topshirishi shart.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG