Qrim tatarlari Milliy majlisi raisi o'rinbosari hibsga olindi


Qrimda Milliy majlis raisi o'rinbosari Axtem Chiyg'oz hibsga olingan. U o'tgan yili yarimorolda norozilik namoyishlarini tashkil qilganlikda ayblanmoqda. Milliy majlis vakillarining aytishicha, Moskva bu elatning ovozini o'chirishga harakat qilyapti.

29-yanvar kuni Qrim sudi Axtem Chiyg'ozni ehtiyot chorasi sifatida 21 kun muddatga qamoqqa olish haqida qaror chiqargan.

Qrim prokuraturasiga ko'ra, Chig'ozning hibsga olinishi 2014-yilda o'tgan mitingda kuzatilgan zo'ravonlik bilan bog'liq.

Ayblov shuki, Milliy majlis tomonidan tashkil qilingan bu yig'inda rus hukumatiga bo'ysunmaslikka chaqirilgan va tartibsizlikda “Russkoye yedinstvo” vakillariga qarshi jismoniy kuch ishlatilgan hamda davlatga moddiy zarar yetkazilgan.

Axtem Chiyg'oz aybdor deb topilsa, 10 yil muddatgacha qamoq jazosi belgilanishi mumkin.

Qrim-tatarlar Milliy majlisi raisi Refat Chubarov va Ukraina parlamentida Inson huquqlari bo'yicha vakil Valeriya Lutkovskaya ishtirokida Kiyevda o'tgan matbuot anjumanida Chiyg'ozning hibsga olinishi "repressiyaning navbatdagi to'lqini" deb baholandi.

“Bu repressiya Milliy majlisni o'z xalqidan ajratib qo'yishga qaratilgan navbatdagi qadam. Axtem Chiyg'oz Milliy majlisning eng fidoyi, yorqin vakillaridan biri. U ancha yillar majlisning eng yirik Bog'chasaroy bo'limini boshqarib kelgan. U Milliy harakatga 1980-yillar oxirida qo'shilgan haqiqatparvarlardan biri ”, - deydi Chubarov.

Valeriya Lutkovskayaga ko'ra, miting o'tkazish huquqi uchun odamni jazolash xalqaro huquqlarning qo'pol buzilishidir.

Axtem Chiyg'ozning hibsga olinishidan oldin qrim-tatarlarga qarashli "ATR" telekanali tintuv qilingan edi. Bu ham o'tgan yilgi miting bilan bog'liqligi aytilgan.

Ukraina prezidentining qrim-tatarlar bo'yicha maxsus vakili Mustafo Jemilevning aytishicha, Moskva Qrim bosqiniga qarshi keskin kayfiyatda turgan insonlarni jazolashga kirishgan. Milliy majlis yetakchilarini yo'qotish Kremlning asosiy maqsadlaridan biri, deydi u.

Qrim hukumati Milliy majlis liderlari Mustafo Jemilev, Refat Chubarov va yana bir nechta faolning yarimorolga kirishini taqiqlab qo'ygan.

Kiyevda qrim tatarlari taqdiri yuzasidan o'tkazilgan anjuman

Kiyevda qrim tatarlari taqdiri yuzasidan o'tkazilgan anjuman

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG