Respublikachi qonunchilar: Obama tashqi siyosatda g’o’r

  • Amerika Ovozi

Prezident Obama Ukraina yuzasidan matbuotga baynot berayapti. Oq uy, 6-mart, 2014.

Prezident Obama Ukraina yuzasidan matbuotga baynot berayapti. Oq uy, 6-mart, 2014.

Ukrainadagi voqealar ketidan Vashingtonda prezident Barak Obamaning tashqi siyosatiga tanqidlar avj oldi. “AQSh rahbari raqib va dushman davlatlar qanday fikrlashi, nimani ko’zlashi masalasida g’o’r” degan qarash bor.


Respublikachi qonunchilar Suriyada surunkali tus olgan qonli fuqarolik urushi, Eron yadro dasturi va Rossiyaning Ukrainaga bosqini misolida Obamani tanqid qiladi. Senator Ted Kruz:

“Vladimir Putin agressiv harakatga berilib ketishiga asosiy sabab prezident Obamaning zaif ekanidir. Amerika hukumati ittifoqchi va do’st davlatlarni unutdi, o’zidan sovitdi”.

Vakillar palatasida Razvedka qo’mitasi raisi Mayk Rojers bu fikrga qo’shiladi:

“Shu damgacha yanglish o’yladik, prezident ma’muriyati zamon haqida noto’g’ri xulosalar qildi. Hammaga yaxshi gapirsak, bizga ham yaxshilik qilishadi, deb xom o’yladik. Putin va Rossiya Federatsiyasi dunyoga boshqacha yondashadi”.

Oq uy bu tandiqlarni diqqat bilan eshitayapti. Matbuot kotibi Jey Karni:

“Yangrayotgan assosiz mulohazalardan biri shuki, Rossiya rahbarining bugun qilayotgan ishlariga Amerikaning avvalgi qarorlari turtki bergan emish. Har qanday tarixchi, Rossiya yoki sobiq Sovet Ittifoqi haqida bilimga ega har bir mutaxassis bunday talqinni jiddiy qabul qilmaydi”.

Tahlilchi Maykl Oxanlon fikricha, Obama Ukrainadagi hozirgi ahvolga diqqatni qaratishi kerak.

“Prezident tanqidlar haqida qayg’urib o’tirmasligi kerak. Menimcha, Obama ularga quloq solmayapti ham. Hozir Ukrainada qilinadigan zarur ishlar haqida o’ylash, hamma tanqidlarni o’chiradigan qarorlar qabul qilish kerak. Katta xatoga yo’l qo’yish ehtimoli juda yuqori, xayolni joyga qo’yish lozim”, - deydi Oxanlon.

U Obama ma’muriyatining Ukraina bo’yicha javoblarini qat’iyatli deb baholaydi. Lekin kuchliroq choralar zarur, deydi u.

“Rossiya Ukrainaga shiddatli hujum qilgudek bo’lsa, Amerika ukrain armiyasiga harbiy va noharbiy madad berish haqida jiddiy o’ylab ko’rishi kerak”, - deydi Brukings tahlil instituti olimi.

Rossiya Qrimda rus aholini himoya qilayotganini ta’kidlaydi va Ukraina hukumatini noqonuniy deb hisoblaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG