Qrim-tatarlar lideri Mustafo Jemilev bilan Poroshenko, Obama va bo'lginchilar haqida suhbat


Mustafo Jemilev, Rada a'zosi, Kiyev, Ukraina, 26-iyun, 2014

Mustafo Jemilev, Rada a'zosi, Kiyev, Ukraina, 26-iyun, 2014

Ukraina prezidenti Qrim-tatarlarining bugungi kuni, o'tmishi haqida chuqur bilimga ega, deydi u.

Ukraina sharqida ayirmachilar yaqinda yana bir harbiy vertolyotni urib tushirdi. To’qqiz kishi qurbon bo’lgan bu hodisa hukumat harbiy amaliyotlarni to’xtatganidan keyin kuzatilmoqda. “Amerika Ovozi” Rada a’zosi, qrim-tatarlar yetakchisi Mustafo Jemilev bilan suhbatlashdi.

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko Yevropa Ittifoqiga rasmiy safarini boshladi. Blok bilan iqtisodiy hamkorlik bo’yicha hujjat imzolanishi kutilyapti.

Mamlakatda vaziyat tarang. Slavyansk yaqinida Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy vertolyot urib tushirildi, jangarilar mamlakat sharqidagi muhim obyektlarga hujumlarni davom ettirmoqda.

Qrim-tatarlar lideri, deputat Mustafo Jemilev deydiki, harbiy amaliyotlarni to’xtatish qarori jamoatchilikda kuchli xavotir uyg’otgan.

Rossiya qo’llayotgan ayirmachilar o’z pozitsiyasini kuchaytirib, qon to’kilishlar avj oladi, degan qarash keng tarqalgan.

“Harbiy amaliyotlarni to’xtatish albatta yaxshi qadam. Qurollarini topshirmoqchi bo’lgan jangarilarga mamlakatni tark etishga imkoniyat beradi. Behuda qurbonlar bo’lishining oldini oladi. Ammo gap shundaki, jangarilar ularga qanday vazifa qo’yilgan bo’lsa shuni bajarishadi. Men ularni mamlakatdan chiqib ketishiga shubha bilan qarayman. Qolaversa, shunday xohish paydo bo’lgan taqdirda ham chegarada ular o’zlariniki tomonidan yo’q qilinishi mumkin”, - deydi Jemilev.

Deputat fikricha butun e’tibor Ukraina sharqidagi separatizmga qaratilib, Rossiya tomonidan tortib olingan Qrim taqdiri, qrim-tatarlar dardi chetda qolib ketishi mumkin.

Jemilev bu borada prezident Poroshenkodan, AQSh va Yevropa Ittifoqi yetakchilaridan amaliy qadamlar kutmoqda.

Polsha hukumatining inson huquqlari bo’yicha davlat mukofotiga sazovor bo’lgan Jemilev taqdirlash marosimida AQSh prezidenti Barak Obama bilan ham uchrashgan.

Suhbatdosh bu borda shunday hikoya qiladi:

“Mukofot sharafiga uyushtrilgan kechki ziyofatda Obama ham ishtirok etdi. U mukofot bilan qutlash uchun mening oldimga kelganida qisqa suhbatlashdik. Men unga Qrim taqdiri so’nggi voqealar soyasida qolib ketayotgani, Rossiya bilan muzokaralarda Qrim masalasi suiiste’mol qilinishi mumkinligi yuzasidan o’z xavotirimni aytdim. Obama menga bunday bo’lmasligini, Qrim mutlaqo ozod bo’lmaguncha sanksiyalar davom etishini aytdi”.

Qrim tatarlari yetakchisiga ko’ra, Ukrainaning yangi prezidenti tatarlar taqdiri bilan yaqindan tanish. Qrim-tatarlar huquqi, ularni tub aholi sifatida belgilovchi qonun loyihasining muallifi u.

“Poroshenkoni anchadan buyon bilaman. Prezident sifatida boshlagan faoliyati, u tayinlagan kadrlar ham hozircha ortiqcha e’tirozlar uyg’otayotgani yo’q. Qrim masalasida u bilan gaplashganmiz. Qrim yuzasidan barcha harakatlarni muvofiqlashtiruvchi yagona bir tizim tashkil etishni muhokama qilayapmiz. Bu tizim Qrim bo’yicha vazirlik yoki boshqarma shaklida bo’lishi kutilmoqda. Rejaga ko’ra, qrim tatarlari zich yashaydigan Ukrainadagi ayrim sharqiy rayonlar Qrim respublikasi tarkibiga qo’shilishi ham mumkin”, - deydi Jemilev.

Ukraina tomonidan surilayotgan bu rejalarga qaramasdan, Qrim Rossiya tarkibida qolayapti. Yarimorolda Rossiya qonunchiligi va tuzumi o’rnatilmoqda. Unga qarshi bo’lgan qrim-tatarlar esa bosim ostida. Rossiya maxsus xizmatlarining yaqinda Qrimdagi madrasada o’tkazgan qurolli tintuvi xavotirlarni yanada kuchaytirgan.

Milliy Majlisning bu boradagi bayonotida Rossiya maxsus xizmatlari o’tkazgan asossiz va ayovsiz hujum qirim-tatarlar Moskva qatag’oniga uchragan davrlarni yodga solgani aytiladi.

Jemilev bizga quyidagilarni gapirib berdi:

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG