Ukrainadagi saylovda hukmron partiya oldinda

  • Amerika Ovozi

Yevropa Ittifoqi hamda AQShga moyil, bokschi Vitaliy Klichkoning “Udar” va “Erkinlik” partiyalari siyosiy sahnada yangi va “Batkivshina” bilan koalitsiyaga birlashdi.

Yevropa Ittifoqi hamda AQShga moyil, bokschi Vitaliy Klichkoning “Udar” va “Erkinlik” partiyalari siyosiy sahnada yangi va “Batkivshina” bilan koalitsiyaga birlashdi.

Ukrainada kecha o’tgan parlament saylovlarida hukmron partiyaning qo’li baland kelgani taxmin qilinmoqda.

Dastlabki hisoblarga ko’ra, prezident Viktor Yakunovichning Regionlar partiyasi parlamentda ustunlikni saqlab qoladi, biroq muxolifat ham pozitsiyasini mustahkamlab olgan.

Tahlilchilar poygani G’arb va Rossiya bilan teng muomala qilishga urinayotgan Ukraina demokratiyasi uchun sinov deya ta’riflaydi. Viktor Yanukovich besh yillik prezidentlik muddatini yarimlab qo’ydi.

Muxolifat nazarida u avtoritar yo’lboshchi va saylovlar uni jilovlashga xizmat qilishi kerak. Ayniqsa, oppozitsiya yetakchisi, mansabni suiiste’mol qilish aybi bilan yetti yillik qamoq jazosini o’tayotgan Yuliya Timoshenkoning ishi rasmiy Kiyev va G’arbni teskari qilib qo’ygan.

Oliy Radada 450 o’rin bor. Hozircha hukmron Regionlar partiyasi 34, Timoshenkoning G’arbga xayrixoh “Batkivshina”, ya’ni Ota-yurt partiyasi 20, kommunistlar 14, boks bo’yicha jahon chempioni Vitaliy Klichkoning "Udar", ya'ni "Zarba" partiyasi 12, “Erkinlik” partiyasi esa 8 foiz ovoz to’plagan.

Yevropa Ittifoqi hamda AQShga moyil “Udar” va “Erkinlik” partiyalari siyosiy sahnada yangi va “Batkivshina” bilan koalitsiyaga birlashdi.

Tahlilchi Oleksiy Xaran fikricha, mustaqil nomzodlar Ukraina siyosatida hal qiluvchi rol o’ynaydi.

“Bo’lg’usi parlamentda mustaqil deputatlar ko’p bo’ladi, nazarimda. Bu arboblar hukumatga xayrixoh koalitsiyaga qo’shilishga majbur bo’ladi hali”, - deydi ekspert.
Ukrainada parlament saylovlari

Ukrainada parlament saylovlari


Mutaxassislar taxminicha, mustaqil qonunchilar hisobiga Yanukovich parlamentda o’rinlarning 51 foizini egallashi mumkin, lekin aksariyat ko’pchilikni qo’lga kiritishi gumon, chunki mamlakatda korrupsiya muammo, iqtisodiy o’sish va islohotlar sekinlashgan va aholi bundan norozi.

Holbuki, deputatlik mandatining uchdan ikki qismini qo’lga kiritsa, Yanukovichning partiyasi konstitutsiyaga tuzatish kiritish qudratiga ega bo’ladi.

Dastlabki hisoblar bugun, parlamentning tugal tarkibi esa bir necha haftadan keyin ayon bo’ladi.

Jarayonni 3500 xalqaro mutaxassis kuzatdi. Muxolifat shikoyati shuki, saylovda qonunlar buzilgan, minglab odamlar kasal deya yolg’on ma’lumot tarqatilgan va ularning ovoz berishini xolis kuzatish imkoni bo’lmagan. Odamlar atayin chalg’itilgan, deydi faollar, taniqli muxolifatchi nomzodlar saylov varaqasida ayni ism-sharifli noaniq arboblar bilan ketma-ket yozilgan.
Prezident Viktor Yanukovich avtoritar rahbar, deydi muxolifat, va saylovlar uni jilovlashga xizmat qilishi kerak.

Prezident Viktor Yanukovich avtoritar rahbar, deydi muxolifat, va saylovlar uni jilovlashga xizmat qilishi kerak.


Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilari hukmron partiyani noxolislikda ayblab tanqid qilmoqda.

Regionlar partiyasi davlat resurslaridan keng foydalangan, matbuotda boshqalarga qaraganda ko’proq va ijobiy ruhda bot-bot yoritilgan.

Ukraina sobiq Sovet Ittifoqi davlatlari orasida Rossiyadan keyin aholisi eng ko’p mamlakat. Asosiy daromad don va po’lat eksportidan tushadi, respublika Rossiya gazini Yevropa Ittifoqiga eltishda muhim tranzit nuqtasi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG