G'arb Ukraina sharqidagi saylovlarni tan olmoqchi emas

  • Amerika Ovozi

Donetsk Xalq Respublikasining yangi saylangan rahbari Aleksandr Zaxarchenko. Hudud Ukraina sharqidagi joylashgan bo'lib, xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan

Donetsk Xalq Respublikasining yangi saylangan rahbari Aleksandr Zaxarchenko. Hudud Ukraina sharqidagi joylashgan bo'lib, xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan

Kecha Ukraina sharqidagi ikki bo'lginchi hududda saylovlar o'tkazildi. Xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Donetsk va Lugansk Xalq Respublikalarida rahbarlar va mahalliy parlamentlar saylandi. Donetskda Aleksandr Zaxarchenko 79 foiz ovoz bilan, Luganskda esa Igor Plotnitskiy 63 foiz ovoz bilan g'olib deb topildi. Ular lavozimga rasman ertaga kirishadi.

BMT, Yevropa Ittifoqi va Qo'shma Shtatlar saylovlar natijalarini tan olmasligini aytmoqda. Ular nazarida jarayon Ukraina konstitutsiyasi hamda 5-sentabrda isyonchilar va hukumat o'rtasida imzolangan sulhga zid.

Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalar bo'yicha yangi mas'ul rasmiysi Federika Mogerinining aytishicha, bo'lginchi hududlardagi saylovlar Ukrainada tinchlikni tiklash yo'lida yangi to'siqdir.

Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko jarayonni tanqid qilib, uni tomosha deb atadi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, saylovlar mahalliy aholi xohish-irodasini ifoda etgan va Rossiya bunga hurmat bilan qaraydi.

Vazirlik Yevropa Ittifoqiga demokratiya asoslaridan biri bo'lmish saylov jarayonini tan olishni tavsiya qildi. Rossiyaning tashkilotdagi doimiy vakili Vladimir Chijovning aytishicha, Yevropa Ittifoqi bu ikki bo'lginchi respublikani tan olmasa-da, saylovlarni inkor etishi to'g'ri emas.

Bir hafta oldin Ukrainada ham saylov o'tkazilgan. Unda Yevropa mamlakatlari bilan yaqinlashish tarafdori bo'lgan partiyalar ko'pchilik ovozlarni qo'lga kiritgan. Sharqiy hududlar aholisi 26-oktabr saylovlarida qatnashmadi.

G'arb Rossiyani Ukraina sharqidagi ixtilofga aralashganlikda ayblar ekan, bo'lginchi hududlarda saylovlarning Kreml tomonidan tan olinganini tanqid qilmoqda. Germaniya shu munosabat bilan Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalarni bekor qilmoqchi emas.

Donetsk Xalq Respublikasi rahbarligiga saylangan Aleksandr Zaxarchenkoning aytishicha, agar Kiyev saylovlardan so'ng bu hududlarni tan olsa va tortib olingan yerlarini qaytarsa, Ukraina bilan iqtisodiy aloqalarni yo'lga qo'yib, teng hamkorlikka yo'l ochiladi.

Ukraina sharqidagi urushdan Rossiyaga qochgan ukrainaliklar Voronej, Belgorod va Rostov oblastlarida tashkillashtirilgan uchastkalarda ovoz bergan.

BMT hisobiga ko'ra, Ukraina armiyasi va isyonchilar o'rtasidagi to'qnashuvlarda 4000 dan ziyod odam o'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG