Ukraina bo’linishi etnik mojarolarga zamin yaratadi

  • Amerika Ovozi

Kelayotgan yakshanba (16-mart) Qrimda referendum. Avtonom respublika Ukrainadan ajralib, Rossiya federatsiyasiga qo’shilishini e’lon qilgan.

Xavotir shundaki, deydi kuzatuvchilar, Kreml Ukrainaning ruslar yashovchi boshqa hududlarini ham o’z nazoratiga olmaguncha tinchimaydi. Mamlakat bo’linishi etnik mojarolarga sabab bo’lishi mumkin.

Qrimning Rossiyaga moyil bosh vaziri Sergey Aksyonov referendumga tayyorgarlik qizg’in ekanini aytadi.

“Hozir Ukraina zobitlariga o’z bazalaridan chiqishga ruxsat yo’q. Referendum o’tganidan keyin ular Qrimni tark etishi yoki Qrim va Rossiyaga qasamyod keltirib, xizmatni davom ettirishi mumkin bo’ladi”, - deydi Aksyonov.

Mintaqada ozchilikni tashkil etuvchi guruhlar, xususan tatarlarga bunday bayonot qora tarixni eslatadi. Ikkinchi jahon urushidan keyin bu elat natsistlar bilan hamkorlikda ayblanib, Stalinning buyrug’i bilan Markaziy Osiyoga surgun qilingan.

Bugungi kunda chorak million tatarlar tarixiy vataniga qaytgan, ular ta’qiblar qayta boshlanishidan qo’rqadi.

Jamoa vakili Abul G’afforning aytishicha, tatarlar musulmon ekani uchun ham nishonga olinishi mumkin. “Rossiyaning radikal siyosatchilari Qrimda faqat ruslarni qoldirib, boshqa barcha millatlardan tozalashni orzu qiladi”, - deydi u.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining ozchilikdagi guruhlar bo’yicha oliy komissari Astrid Tors ham bu haqda bayonot berdi.

“Qrim tatarlari tutgan pozitsiya respublikadagi boshqa elatlardan farq qiladi va shuning uchun ular yanada ko’proq xavf ostida. Tatarlar qanday ahvolda ekani diqqat markazimizda bo’lishi shart, ularga yordam kerak”.

Qrim Rossiyaga qo’shiladigan bo’lsa, Ukrainaning ruslar yashovchi boshqa hududlari ham unga ergashishi mumkin, deydi ekspertlar.

Donetsk shahridagi Ijtimoiy tadqiqotlar institutidan Volodimir Kipenning aytishicha, Donetstkda aksar aholi Ukraina birligi tarafdori, lekin bo’lginchi kayfiyatlarga ham ko’z yummaslik lozim.

“Separatizm tarafdorlari oz bo’lsa-da, bor va ularni tashqaridan qo’llab-quvvatlashyapti. Agar Kiyevdagi hukumat to’g’ri qadamlar tashlasa, vaziyatni tinchlantirsa bo’ladi”, - deydi olim.

Qrimda rejalangan referendum oldidan Ukraina bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk AQShga tashrif buyurib, prezident Barak Obama huzurida bo’ldi. Vashington bu bilan Ukrainaning yangi rahbariyatini qo’llab-quvvatlashini bildirmoqda va unga bir milliard dollar yordam va’da qilgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG