Ukraina Yevropa bilan ittifoqchilik bitimini imzolashni ortga surdi

  • Amerika Ovozi

Ukraina hukumati Yevropa ittifoqi bilan muhim savdo va hamkorlik bitimini imzolashni ortga surgani haqida ma’lum qildi. Kunning avvalida esa mamlakat parlamenti hibsdagi sobiq bosh vazir Yuliya Timashenkoni ozodlikka chiqarishni ko'zda tutuvchi qonun loyihasini qabul qilmadi. Bu qonun Bryussel tomonidan Yevropa ittifoqiga qo’shilishning muhim shartlaridan biri sifatida ko'rilayotgan edi.

Ukraina bosh vaziri Mikola Azarov e’lon qilgan buyruqqa ko’ra, Ukraina va Yevropa o'rtasidagi Ittifoqchilik bitimini imzolash masalasi milliy xavfsizlik vajidan keyinga qoldiriladi.

Rasmiy Kiyev, ayni paytda, Rossiya yetakchiligidagi Bojxona ittifoqi a’zolari Belarus, Qozog’iston hamda boshqa sobiq sovet respublikalari bilan savdo va iqtisodiy munosabatlarni kuchaytirish maqsadida yaqin muloqot olib borishini ma’lum qildi.

Ukraina Vazirlar mahkamasi savdo masalalarini muhokama qilish uchun Ukraina, Rossiya va Yevropa ittifoqi vakillaridan iborat komissiya tuzish taklifi bilan ham chiqdi.

Yuliya Timashenkoni ozod qilish haqidagi qonun loyihasi parlamentdagi muxolif partiyalar tomonidan tayyorlangan edi. Ammo qonun chiqaruvchi organda aksariyat o’rinlarni band etgan prezident Yanukovich tarafdorlari qonunning qabul qilinishiga yo’l bermadi.

Ukraina kelasi hafta Vilnyusda Yevropa bilan Ittifoqchilik bitimini imzolashi kutilayotgan edi. Mamlakatdagi so'nggi siyosiy o'zgarishlar bu borada hali rasmiy Kiyev bir qarorga kelmaganini ko'rsatmoqda
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG