Yanukovich sobiq prezidentlar va Yevropa rasmiysi bilan muzokara olib bordi

  • Amerika Ovozi

Ukraina prezidenti Viktor Yanukovich (chapda) Yevropa ittifoqi tashqi ishlar vaziri Ketrin Eshton bilan, Kiyev, 10-dekabr, 2013-yil.

Ukraina prezidenti Viktor Yanukovich (chapda) Yevropa ittifoqi tashqi ishlar vaziri Ketrin Eshton bilan, Kiyev, 10-dekabr, 2013-yil.

Ukraina prezidenti Viktor Yanukovich davlatning uch sobiq rahbari hamda Yevropa ittifoqining tashqi siyosat bo’yicha bosh rasmiysi bilan uchrashib, mamlakatdagi siyosiy vaziyatni muhokama qildi.

Televideniye orqali yoritilgan uchrashuvda Yanukovich ham Rossiya, ham Yevropa ittifoqi bilan yaqin aloqada bo’lish milliy manfaatlar uchun eng afzali ekanini ta’kidlagan.

“Rossiya hisobiga Yevropa bilan ziddiyatga kirishishga mutlaqo qarshiman. Buning aksiga ham. Biz barchani bog’laydigan yo’lni topishimiz kerak. Ukraina Rossiya bilan yaxshi aloqaga ega bo’lsa, Yevropa ham tinch uxlaydi. Gaz uzilishlari ro’y bermasa, ularga ham foyda. Shuning uchun bir tomonlama aloqa o’rnatilishiga qarshiman. Biz o’z manfaatlarimizni himoya qilishimiz kerak”, - dedi Yanukovich.

Seshanba kuni sobiq prezidentlar Viktor Yushchenko, Leonid Kuchma va Leonid Kravchuk bilan bo’lib o’tgan muloqotda siyosiy inqirozdan chiqish yo’llari muhokama qilingan.

Yanukovich Yevropa Ittifoqining ikki kunlik safar bilan Ukrainada tashrif buyurgan rasmiysi Katrin Eshton bilan ham ko’rishgan. Yevropa ittifoqi Ukrainaga moliyaviy yordamni o’zaro savdoga aloqador bitim imzolangan taqdirdagina berishini bildirmoqda.

Ayni paytda AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Viktoriya Nuland Ukrainada muxolifat yetakchilari bilan uchrashgan. U, shuningdek, prezident Yanukovich bilan ham ko’rishishni rejalagan.

Uning aytishicha, ziddiyatni yechish yo’lida AQSh Yevropa ittifoqi bilan yaqindan ishlamoqda.

“AQSh jarayonda faol ishtirok etishni istaydi. Inson qadri va tinchlikni qayta tiklashda hamda iqtisodiy barqarorlik va Yevropa sari qadam tashlashda biz Yevropa ittifoqi bilan birgalikda ish olib boryapmiz”, - dedi Nuland.

Hukumatdan norozi yuzlab ukrainaliklar poytaxt Kiyev ko’chalarida namoyishlarni davom ettirmoqda. Ular prezidentning Yevropa ittifoqi bilan muhim hamkorlik bitimini imzolamaganidan g’azabda. Politsiyaning namoyishchilarni tarqatish uchun qilgan urinishida kamida 10 kishi jarohatlangan.

Yanukovichning aytishicha, namoyish paytida hibsga olingan fuqarolarni ozodlikka chiqarish choralari ham ko'rilmoqda.

Kiyev maydonidan jonli efir:


Live streaming video by Ustream
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG