Yevropa Ittifoqi Ukrainani chaqirmoqda. Yanukovich o'ylab ko'radi

  • Amerika Ovozi

Ukraina prezidenti Viktor Yanukovich matbuot anjumanida so'zlamoqda, Kiyev, 19-dekabr, 2013-yil

Ukraina prezidenti Viktor Yanukovich matbuot anjumanida so'zlamoqda, Kiyev, 19-dekabr, 2013-yil

Yevropa Ittifoqi rahbarlari Bryusselda majlis qilmoqda. Ular Ukrainani ittifoq bilan hamkorlikni ko’zda tutuvchi bitimni imzolashga chaqirmoqda.

Tashkilotda prezidentlik vazifasini bajarayotgan Litva rahbari Daliya Gribauskaytening aytishicha, Ukraina xalqi uchun Yevropa eshiklari ochiq.

Kiyev va boshqa shaharlarda Yevropa bilan yaqinlashish siyosati tarafdorlarining chiqishlari davom etar ekan, prezident Viktor Yanukovich G’arbni uning iste’fosini talab qilayotgan namoyishlarni qo’llab-quvvatlagani uchun tanqid qildi. Unga ko’ra, Ukraina Rossiya yetakchiligidagi Bojxona Ittifoqiga qisman qo’shilishi mumkin.

"Biz boshqalarning mamlakatimizga kelib, bizga qanday yashashni o’rgatishiga qarshimiz", - dedi u.

Prezident erta saylovlar o’tkazilmaydi deb, muxolifat talabini rad etdi.

Yanukovich shu hafta Moskvada prezident Vladimir Putin bilan uchrashib, undan 15 milliard dollarlik kredit va arzonroq gaz undirishga muvaffaq bo’ldi.

Putinning kecha aytishicha, Rossiya Ukraina iqtisodiyotiga yordam bermoqchi va uning bu harakati Kiyevning Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralariga aloqasi yo’q.

Yanukovich Yevropa Ittifoqi bilan erkin savdo bo’yicha bitim shartlari ko’rib chiqilishini va shundan so’ng bu borada tugal qaror qabul qilinishini bildirdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG