Ukraina Yevropa Ittifoqi bilan erkin savdo bitimini imzoladi

  • Amerika Ovozi

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko (markazda), Yevropa Komissiyasi prezidenti Joze Manuel Barrozo (chapda), Yevropa Kengashi prezidenti German Van Rompuy Bryusselda, Belgiya, 27-iyun, 2014-yil

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko (markazda), Yevropa Komissiyasi prezidenti Joze Manuel Barrozo (chapda), Yevropa Kengashi prezidenti German Van Rompuy Bryusselda, Belgiya, 27-iyun, 2014-yil

Ukraina prezidenti Petro Poroshenkoning aytishicha, Yevropa Ittifoqi bilan erkin savdo bitimiga erishish mamlakatga qimmatga tushdi. Bugun Bryusselda hujjatni imzolash marosimi bo’lib o’tdi. Poroshenko uni tarixiy voqea deb atadi.

Qo’shni Rossiya bundan norozi. Prezident Vladimir Putinning aytishicha, bitim bilan bog’liq qarama-qarshiliklar Ukrainani Yevropa va Rossiyadan birini tanlashga majbur qildi. Putin Kiyevdagi hukumatni sharqda harbiy harakatlarni to’xtatishga va u yerdagi kuchlar bilan kelishishga chaqirdi.

Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yanukovichning Yevropa Ittifoqi bilan erkin savdo shartnomasini imzolashdan voz kechishi oqibatida vujudga kelgan tartibsizliklar hukumatning almashishiga, Qrimning Rossiya tomonidan qo’shib olinishiga, sharqiy viloyatlarda yangi hukumatga qarshi isyonga olib keldi.

Separatistlar Ukraina armiyasi bilan olishar ekan, minglab ukrainaliklar jon saqlash maqsadida Rossiyaga qochmoqda.

BMTning qochqinlar bo’yicha agentligi bergan ma’lumotga ko’ra, shu kungacha 110 ming ukrainalik qo’shni mamlakatda panoh topgan, yana 54 ming odam uyini tashlab Ukrainaning boshqa viloyatlariga qochgan.

Prezident Poroshenko Yevropa Kengashidagi chiqishida Rossiyani isyonchilarni qo’llab-quvvatlayotganlikda va qurol bilan ta’minlayotganlikda aybladi.

Germaniya kansleri Angela Merkel agar Moskva Kiyev bilan hamkorlik qilmasa, Yevropa Ittifoqi uni yangi sanksiyalar bilan siylashi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

AQSh ma’muriyati ham Rossiya Ukrainadagi vaziyatni yumshatishga hissa qo’shmasa, uni jazolashga tayyor ekanini bildirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG