Ukrainadagi mojaro oilalarni bo'lib qo'ymoqda

  • Amerika Ovozi

Lyudmila va Denis, to'y videosidan

Lyudmila va Denis, to'y videosidan

Ukraina mojarosi nafaqat bir mamlakatning, balki oilalarning bo'linishiga sabab bo'lmoqda. Bu respublika fuqarolari ukrainaparast va rossiyaparast toifalarga bo'lindi, sevishib turmush qurganlar siyosiy tortishuvlar qurboniga aylandi, qarindoshlar, qo'ni-qo'shnilar gaplashmay qo'ydi, ayrim oilalar hatto ajrashmoqda.

Lyudmila va Denis Saxno 17 yil oldin turmush qurgan. Ular yana ko'p yil birga yashashni orzu qilgan edi. Biroq mamlakatda fuqarolar urushi boshlangach, er-xotin mojaroga turlicha qaradi. Lyudmila ukrain millatiga mansub, Denis esa chala rus. Lyudmila sharqiy hududlarning Ukrainadan ajralib chiqishini qo'llab-quvvatlamadi.

“Denis mamlakat yangi imkoniyatlarga yuz tutadi deb o'yladi, men esa buni agressiya deb, huquqlarim toptalayotganini aytdim", - deydi u.

Munosabatlarni saqlab qolish uchun er-xotin uyda siyosat haqida og'iz ochmaslikka kelishib oldi.

Lyudmila yangiliklarni internetdagi ukrain resurslaridan o'rganadi, Denis esa Rossiya televideniyesidan.

“Menga baribir - Ukraina bo'ladimi, Rossiya bo'ladimi? Bu haqda doim uyda bahslashganmiz”, - deydi Denis.

Biroq bahs kundan kunga qizib, er-xotin bir uyda ortiq turolmaydigan bo'lib qoldi va ajrashishga qaror qildi.

Kramatorsk shahar nikohlarni qayd etish idorasi mudirasi Yuliya Parshinaning aytishicha, urush ayrimlarni oila qurish rejasidan qaytardi. Odamlar vahimada, deydi u. Ayrim erkaklar isyonchilar safiga qo'shilib, oilalar buzildi.

“Odatda "biz nima uchun ajrashyapsiz" deb so'ramaymiz, lekin tanishlarim, qarindoshlarim orasida oila a'zolarining ba'zilari Ukraina yaxlitligi uchun, boshqalari esa Donetsk Xalq Respublikasi uchun bo'lgani sabab ajrashganlar bor”, - deydi Parshina.

Shaharda hokimiyatga kelgan odamlar Ukrainaga qarshi kayfiyatlarni kuchaytirib, Denisni o'zlaridan bezdirdi. Uning isyonchilarga munosabati o'zgardi.

“U nimalar bo'layotganini anglay boshladi, jarayonni ichkaridan kuzatdi. Ular bunyodkor emas, buzg'unchi ekanini ko'rdi", - deydi Denisning rafiqasi.

Ammo Lyudmilaning ham Ukraina hukumatiga bo'lgan ishonchi pasaydi.

“Ikkimiz ham noto'g'ri fikrladik boshida. Nafaqat men xato qildim. Afsusdaman, oilaviy munosabatlar shu darajaga yetganidan ham, meni laqillatishganidan ham”, - deydi Denis.

Bu oila ajrashishga qaror qilganiga qaramay, Denis xatosini tuzatishga umid qilmoqda. Ukraina sharqida mojaro yakuniga yetgani yo'q hali, ammo Lyudmila va Denis tinchlik tez qaror topishiga ishonadi, chunki ular nazarida bu ukrainaliklarning ruslarga qarshi urushi emas, balki siyosatchilarning o'zaro to'qnashuvi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG