Poroshenko isyonchilar bilan yangi sulh bitimi imzolanishiga umid qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Ukraina armiyasi

Ukraina armiyasi

Bugun Rossiya, Ukraina, Fransiya va Germaniya rahbarlari Ukraina sharqidagi mojaroga barham berishga qaratilgan rejani telefon orqali muhokama qilgan. Germaniya rasmiysiga ko'ra, chorshanba kuni to'rtlik Minskda uchrashib, Fransiya va Germaniya taklif etgan tinchlik rejasi muhokamasini yuzma-yuz davom ettiradi.

Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko hukumat va isyonchilar o'rtasida yangi sulh bitimi imzolanishiga umid qilmoqda.

Sentabr oyida Minskda kelishilgan ilk sulh natija bermadi: Ukraina armiyasi va isyonchilar janglarni to'xtatmadi.

Fransiya Prezidenti Fransua Ollandning aytishicha, agar reja ish bermasa, urush davom etadi.

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Shtainmeyerning Myunxendagi anjumanda aytishicha, muzokarachilar mojaroga siyosiy yechim topa olmayapti, muhokamalar qattiq kechmoqda.

"Tinchlikka Rossiya bilan birga erishishimiz mumkin, unga qarshi harakat qilib emas. Rossiya ham Yevropaga qarshi emas, balki u bilan bo'lsagina, kelajak yorqin bo'lishini anglab yetishi zarur. Moskva mushtarak manfaatlar nimadan iborat ekanini aniq belgilab olishi lozim", - dedi Germaniya vaziri.

Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalar bo'yicha maxsus vakili Federika Mogerinining anjumanda aytishicha, ittifoq Minsk bitimi shartlarini to'liq bajarish yo'llari ustida izlanmoqda.

"Ukrainadagi mojaro ko'plab insonlar hayotiga zomin bo'ldi. Xalqaro qonunning asosiy tamoyillaridan biri - hududiy daxlsizlik va suverenitet buzilishi mumkinligini ko'rdik. Bu nafaqat Yevropa, balki butun dunyo uchun xavfli namuna", - deydi Mogerini.

Myunxenda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri ham so'z oldi. U Ukrainaga qurol yetkazish masalasida Yevropa va AQSh o'rtasidagi kelishmovchiliklar haqidagi matbuot xabarlariga to'xtaldi. Kerrining aytishicha, o'rtada hech qanday kelishmovchilik yo'q, ammo barcha tomonlar mojaroga harbiy yechim yo'qligini tushunadi.

"Payshanba kuni Kiyevda bo'lib, Ukraina rasmiylari bilan ko'rishdim. Fransiya va Germaniya rahbarlari Kiyev va Moskvada bo'ldi. Hammamiz vaziyatni yumshatishga harakat qilyapmiz. Tushunmovchilik yo'q. Ba'zilar birligimizni buzishga harakat qilmoqda, albatta. Mojaroga diplomatik yechim topish zarur. Ammo hozirgi vaziyat qancha uzoq davom etsa, Rossiya va uning nazoratidagi kuchlarga shunchalik qimmatga tushadi," - dedi Kerri.

Myunxenda Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko ham nutq so'zlab, Rossiyani Ukraina sharqiga askar yuborayotganlikda aybladi. U qo'lida Rossiya fuqarolari pasportlarini ushlab, "bundan ortiq yana qanday dalil kerak" deya xitob qildi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Kiyevdan Poroshenko qo'lida ushlagan pasportlarning nusxalarini berish iltimosiga rad javobini oldi.

Kreml Ukrainada qo'shinlari yo'qligini ta'kidlar ekan, harbiylar pasport o'rnida harbiy bilet olib yurishini eslatib o'tdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG