Putinni haqoratlagan Ukraina tashqi ishlar vaziri ishdan olindi


Ukraina prezidenti Petro Poroshenko (o'ngda) Andrey Deshitsa o'rniga tayinlangan yangi Tashqi ishlar vaziri Pavel Klimkin bilan, Kiyev, 19-iyun, 2014-yil.

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko (o'ngda) Andrey Deshitsa o'rniga tayinlangan yangi Tashqi ishlar vaziri Pavel Klimkin bilan, Kiyev, 19-iyun, 2014-yil.

Ukrainada Putin haqida tanqidiy qo'shiq kuylagan Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Deshitsa o’z vazifasidan ozod qilindi. Rada prezident tavsiyasiga ko`ra Ukraina Tashqi ishlar vaziri lavozimiga Pavel Klimkin nomini tasdiqlagan. Bundan oldin Prezident Petro Poroshenko mamlakat sharqidagi jangovor amaliyotlarni bir tomonlama to`xtatgan edi. Rada deputatlari futbol ishqibozlarining Putin haqidagi mashhur qo`shig`ini kuylash bilan Moskvada keskin e`tiroz uyg`otgan Andrey Deshitsani olqishlar bilan kuzatishdi.

Uning o`rniga Ukraina Tashqi ishlar vaziri lavozimiga tavsiya qilingan Pavel Klimkin nomzodi ko’pchilik ovozi bilan tasdiqlandi.

Poroshenko tavsiyasiga ko`ra Ukraina Bosh prokurori va Milliy Bank rahbarligiga ko`rsatilgan nomzodlar ham Rada tasdig`idan o`tdi.

Ukraina Radasi muttasil davom etayotgan norozilik aksiyalari qurshovida o`z ishini davom ettirmoqda.

Rada oldida norozilik namoyishi o’tkazayotgan aholining talablari turlicha. Talablarning asosiy qismini siyosiy islohotlar, muddatidan oldin parlament saylovlarini o`tkazish, mamlakat sharqida davom etayotgan amaliyotlar yuzasidan keskin choralar ko`rish tashkil etadi.

Petro Poroshenkoning mamlakat sharqida borayotgan harbiy amaliyotlarni bir tomonlama to`xtatish va ayirmachi jangarilar uchun yo’lak yaratish rejasi turli munozaralarga sabab bo’ldi. Prezidentning tinchlik plani hali jamoatchilikka to`liq ochiqlanmagan, ammo dastlabki qadam qurolli amaliyotning Ukraina tomonidan bir tomonlama to`xtatilishi bo`lishi kutilmoqda.

Tashqi ishlar vazirining almashishi ham Kiyevning Moskva bilan muzokaralarga jiddiy hozirlik ko’rayotganidan darak sifatida ko`riladi.

Sobiq vazir Deshitsa namoyishchilar Kiyevdagi Rossiya elchixonasiga hujum qilgan paytda Putin haqida tanqidiy qo`shiq kuylab diplomatik ziddiyatlar markazida qoldi. Moskva Deshitsa bilan ortiq muloqot olib borilmasligini ma`lum qildi. Bu mojarodan so`ng u ishdan olinib, o’rniga Poroshenko tomonidan ko`rsatilgan Pavel Klimkin nomzodi tasdiqlandi.

Siyosatshunoslar Tashqi ishlar vaziri lavozimiga kelgan yangi nomzod haqida ehtiyotkor munosabatda.

“Bu nomzod haqida turli qarashlar bor, ayrimlar uni siyosiy avlodning yangi vakili sifatida ko`radi. Albatta, u diplomat sifatida yaxshi taassurotlar qoldirgan, ammo bu uning siyosiy pozitsiyasi qanchalik shakllanganidan darak bermaydi. Unga esa o`ta muhim bir lavozim berilmoqda. Hali ko`ramiz, u bu lavozimga qanchalik munosib, siyosiy muzokaralar yuritishdagi tajribasi qanaqa. Muzokaralar esa o`ta og`ir bo`ladi”, - deydi ukrain eksperti Igor Gavrilov.
Ukraina Parlamenti Rada oldida namoyish o'tkazayotgan faollar

Ukraina Parlamenti Rada oldida namoyish o'tkazayotgan faollar


Gavrilovga ko`ra, sharqdagi harbiy amliyotlarni bir tomonlama to`xtatish rejasi faqat Poroshenkoga bo`gliq emas, chunki ularda nafaqat armiya, balki mamlakat bo`ylab yig`ilgan xalq drujinalari ham qatnashmoqda.

“Men hukumat sharqdagi vaziyatni to’liq nazorat qilayapti, degan tushunchadan uzoqman. Chunki amaliyotdagilar faqat klassik ma`nodagi davlat armiyasidan iborat emas, ular orasida ko`ngilli jang qilayotganlar ko`pchilik. Qolaversa, bunga qarshi tomon qanday javob beradi, ularning qanday yo`l tutishini aytish juda qiyin ”, - deydi Gavrilov.

O`z mustaqilligini e`lon qilgan Ukraina sharqidagi ayrim viloyatlar va hukumat o`rtasidagi to`qnashuvlar bir necha oydiki davom etmoqda. Ayirmachilar Rossiyadan o`tayotgan jangarilar va qurol-yarog` hisobiga kuchayib borayotgani ta`kidlanadi. Vaziyat yuzasidan Rossiya bilan muzokaralar o`tkazish hozircha natijasiz tugab kelmoqda. So`nggi xabarlarga ko`ra, Rossiya yana Ukraina chegarasidagi qo`shinlari sonini ko`paytira boshlagan.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG