Ukraina Ta'lim vazirligini talabalar egallab oldi

  • Amerika Ovozi

Ukraina Ta'lim vazirligi oldida talabalar matbuot konferensiyasi o'tkazmoqda.

Ukraina Ta'lim vazirligi oldida talabalar matbuot konferensiyasi o'tkazmoqda.

Bir necha hafta ichida Ukraina butunlay boshqa bir davlatga aylandi. Hukumatga qarshi bosh ko’targan namoyishchilar Rossiya himoyasidagi prezidentni hokimiyatdan ag’dardi. Ular endi mamlakatni yangi yo’lga boshlamoqchi.
Ukraina Ta’lim vazirligi bugun yoshlar nazoratida. Hozircha binoga faqat talabalar qo’yilmoqda. Talabalik guvohnomasiga ega bo’lmaganlar ichkariga kiritilmayapti.
Bu yoshlar ancha uyushgan. Ular binoni mudofaa qilish uchun maxsus guruhlar ham tashkil etgan. Ichkarida boshqaruv markazi ham bor. Bu yerda yoshlar muhim masalalarni muhokama qiladi va qaror qabul qiladi.

Bu yerda ichish, chekish yoki narsalarni vayron qilish qat’iyan taqiqlangan. Tartib-qoidalarni amalga oshirish uchun binoda kuchli nazorat o’rnatilgan.

“Mening ismim Anton Savidi. Lvov universiteti talabasiman”, - deya o’zini tanishtiradi vazirlikdagi yoshlardan biri.

Talabalar binodagi barcha xonalarni muhrlab chiqqan.

“Korrupsiyaga aloqador hujjatlarning yo’qolishini istamaymiz” – deydi Anton.

Uning aytishicha, xonalar keyinroq faqat tekshiruvchilar va kameralar guvohligida ochiladi.

Konferensiyada ular ta’lim tizimini isloh qila oladigan yangi vazirni tanlash masalasini ham muhokama etishdi.

Huquqshunoslik talabasi Mlada Kachurets mamlakatda barcha tizimlar isloh qilinishini istaydi.

“Umidim shuki, faqat shaxslar emas, balki butun tizim o’zgarsa. Inson huquqlari va qonun ustuvorligi eng muhim tamoyillar hisoblanadigan davlat qurishimiz kerak”, - deydi u.

Bular erishish oson bo’lmagan vazifalar. Ammo Mladaga ko’ra, hozirgi yoshlar eski avlodga qaraganda bunday ishlarning uddasidan yaxshi chiqadi.

“Barcha sobiq Sovet davlatlarida bitta muammo bor. Eski davrda yashagan avlod hanuz boshqaruvda. Hozirgi yoshlar, talabalar esa mustaqil davlatda, ochiq dunyoda ulg’aydi. Shuning uchun ulardan islohot bo’yicha yangi g’oyalar chiqishi mumkin”, - deydi Mlada.

Bu yosh talabaning umid qilishicha, ertaga uning farzandlari hukumat bilan hamfikr bo’lmagani uchun ko’chalarda otib tashlanmaydi; ular haqiqiy va ozod davlatda qo’rquvsiz yashaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG