Bayden: AQSh, zarur bo'lsa, Ukrainaga o'zini himoya qilishda ko'maklashadi

  • Amerika Ovozi

AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden so'zlariga ko'ra, uning davlati Ukraina mojarosi tinch yo'l bilan hal bo'lishi tarafdori, lekin zarur bo'lsa, AQSh Ukrainaga o'zini himoya qilishda ko'maklashadi.

Bayden bu haqda Myunxenda o'tayotgan xavfsizlik anjumanida so'zladi. "Rossiya prezidenti Vladimir Putin tinchlik haqida ko'p gapiradi-yu, Ukrainaga tank, askar va qurollar yuborishda davom etmoqda", deydi u.

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko minbardan turib bir necha Rossiya pasportlarini jurnalistlarga ko'rsatdi, ular Ukrainada qo'lga olingan rossiyalik askarlarniki ekanini ta'kidladi.

Fransiya prezidenti Fransua Ollandning aytishicha, Fransiya-Germaniya tashabbusi - Ukrainada tinchlik o'rnatish uchun so'nggi imkoniyatdir. Olland va Germaniya kansleri Angela Merkel Moskvada prezident Vladimir Putin bilan muzokara qilgan.

"Agar bu imkoniyatni boy bersak, urush alanga oladi", - deydi Fransiya rahbari. Germaniyaning Myunxen shahrida o'tayotgan xavfsizlik anjumanida Ukraina bosh mavzulardan. Angela Merkel Ukraina armiyasiga qurol-yarog' yetkazish taklifiga qarshi ekanini bildirdi.

"Muzokaralar natija beradimi, yo'qmi, aytish qiyin. Lekin biz qo'ldan kelgan barcha chorani ko'ramiz deb ahd qilganmiz. Ukraina xalqi tinch hayot kechirishga haqli", - deydi Merkel.

"Yevropa bo'linib ketishi, qarama-qarshiliklar avj olishidan hech kim manfaatdor emas. Qit'a xavfsizligini Rossiya bilan hamkorlikda ta'minlash tarafdorimiz".

Myunxen konferensiyasida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham qatnashmoqda. Tinchlikka erishishga hali ham kech emas, deya Lavrov AQSh va Yevropa Ittifoqi tutgan pozitsiyani keskin tanqid qildi.

"Kiyevdagi rahbarlar o'z fuqarolarini terroristga chiqarib, katta harbiy operatsiya boshlagan bo'lsa ham G'arb ularni kechirdi, iliq so'zlar bilan yupatib turdi", - deydi Lavrov. Ukraina hukumati sharqda o'z davlatini tuzgan va armiyaga qarshi kurashayotgan isyonchilarni aynan terrorchi deb biladi.

NATO alyansining Yevropadagi qo'mondoni Filip Bridlav Ukraina qurolli kuchlariga harbiy texnika yetkazish taklifini qo'llab-quvvatlaydi, biroq xorijiy qo'shin kiritishni emas.

Ertaga Rossiya, Fransiya, Germaniya va Ukraina rahbarlari to'rt tomonlama muloqotda tinchlik rejasini muhokama qilishi kutilmoqda.

Fransiya matbuotiga ko'ra, o'tgan yili sentabr oyida imzolangan sulh kelishuvini tiklash to'g'risida gap boradi. Ukraina qo'yayotgan talablardan biri shuki, separatistlar so'nggi haftalarda qo'lga kiritgan hududlarni tark etishi lozim.

Bu orada, Turkiya tashqi ishlar vaziri Myunxen anjumanini erta tark etishga qaror qilgan. Sabab - Yaqin Sharqdagi vaziyatga doir muhokamalarda Isroil delegatsiyasi ham qatnashayotganidir.

Vazir Mavlut Javusho'g'li mazkur qaror Germaniya bilan munosabatlarimizga aloqador emas, deya ishontirdi.

O'tgan oy Fransiyadagi terror hujumlari ketidan Isroil va Turkiya yana achchiq so'zlar almashgan. Prezident Rajab Toyib Erdog'an Parijdagi birdamlik marshida Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu ham qatnashganidan taajubda ekanini aytgan edi.

"G'azo sektorida 2,5 ming kishini o'ldirgan odamga bunday tadbirda nima bor? Parijga borishga qanday haddi sig'di uning", - degan Erdog'an o'shanda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG