Ukrainada bosh vazir o'zgaradi, Yevropa Ittifoqi qora ro'yxat e'lon qildi

  • Amerika Ovozi

Ukraina bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk

Ukraina bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk

Ukraina bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk iste'fo berdi. U hukmron koalitsiyadan "Udar" va "Svoboda" fraksiyalarining chiqqanini sabab qilib ko'rsatmoqda.

Yatsenyuk deputatlarning byudjet sekvestri va Naftogaz davlat neft va gaz kompaniyasining islohotiga doir qonun loyihalarini qabul qilmaganidan ham norozi.

Hukumatning ham tarqatilishi kutilmoqda, biroq saylovlardan so'ng yangi hukmron koalitsiya tuzilmaguncha eskisi ishlab turadi.

Ikki fraksiyaning hukmron koalitsiyadan chiqishiga sabab shuki, ular parlamentning tarqatilishi va erta saylovlar o'tkazilishini istaydi. Shundagina, ayrimlar nazarida, hozirgi parlamentdagi ba'zi deputatlar qayta saylana olmaydi. Bunday deputatlar Rossiya manfaatlariga xizmat qilayotganlikda ayblanmoqda. Masalan, kommunistlar.

Kecha Oliy Rada spikeri Oleksandr Turchinov kommunistlar fraksiyasining tarqatilishi haqida e'lon qildi. Fraksiyada 23 deputat qolgan va qonunga ko'ra, bu raqam belgilangan talabdan kamroq.

Bu orada Rossiya va Ukraina sharqidagi isyonchilarni hozirgi mojaroning sababchlari deb hisoblayotgan Yevropa Ittifoqi qora ro'yxatni kengaytirib, unga 15 kishi va 18 tashkilotni qo'shgan.

Ularning nomlari hozircha oshkor etilmayapti, biroq ba'zi manbalarga ko'ra, Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati raisi Aleksandr Bortnikov, Tashqi razvedka xizmati rahbari Mixail Fradkov, Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev sanksiyaga uchrashi mumkin.

Shunday bo'lgan taqdirda ular Yevropaga kira olmaydi va u yerdagi mulki muzlatiladi.

Ayni damda qora ro'yxatda 72 odam bor.

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko isyonchilarga qarshi kurashda qurolli kuchlar safini to'ldirish uchun mamlakat bo'ylab safarbarlik e'lon qilgan. Armiya bilan olishayotgan Lugansk xalq respublikasi ham Ukraina janubi va sharqida aholini isyonchilar safiga qo'shilishga da'vat etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG