Ukrainlar: Mustaqillik qadrini tushundik, jipslashdik


24-avgust kuni Ukraina mustaqillikning 23 yilligini harbiy parad bilan nishonladi. Maydonda namoyish qilingan harbiy texnika paraddan so’ng ayirmachilar bilan janglar davom etayotgan mamlakat sharqiga jo’natildi.

O’z mustaqilligini bayram qilayotgan ukrainaliklar parad xususida turli qarashga ega, ammo ular Ukraina boshdan kechirayotgan so’nggi hodisalar mamlakatni yanada birlashtirganiga ishonishadi.

Ukraina mustaqilligi kuni munosabati bilan o’tkazilgan harbiy parad mamlakat prezidenti, Oliy qo’mondon Petro Poroshenko ishtirokida o’tdi. Ukraina e’lon qilinmagan urushga tortilganini ta’kidlagan prezident Poroshenko suverenitetni saqlab qolish uchun ketayotgan keskin janglar g’alaba bilan yakunlanishiga ishonch bildirdi.

Sharqda ketayotgan janglarga qaramasdan ukrainlar mustaqillikni keng nishonladi. Oddiy aholi so’nggi hodisalar mustaqillik qadrini yanada oshirganini, xalq tashqi tahdidga nisbatan yanada jipslashganini aytishadi.

“Ukraina mustaqilligiga 23 yil toldi, bu unchalik ko’p ham, kam ham emas. Ammo bu yil alohida bir vatanparvarlik tuyg’usi bilan nishonlayapmiz. Urush, so’nggi hodisalar vatan qadrini yanada yuksaltirdi, biz vatanga muhabbat nimaligini yana yaxshiroq angladik”, - deydi kiyevlik ayol.

Ayrimlar oradan 23 yil o’tibgina Ukraina haqiqiy mustaqillikka erishganini ta’kidlashadi.

“Bugun Ukraina mustaqilligining birinchi yilini nishonlayapmiz. Gap shundaki, biz faqat endigina Rossiya imperiyasidan qutulishga muvaffaq bo’ldik. Rossiya dunyodagi so’nggi imperiya. Men bugun barchaga omad, baxt va Rossiya imperiyasidan batamom qutulishni tilayman”, - deydi bir fuqaro.

“So’nggi bir yil ichida ukrainlar ichki va tashqi xavfga qarshi turuvchi xalq sifatida, millat sifatida ham yuksaldi. Avvaliga bizni sobiq prezident Yanukovich qiyofasidagi ichki tahdid yemirayotgan edi. Endi esa tashqi xavfga to’qnash turibmiz, Putin va uning to’dasi Ukrainani qullikka qaytarmoqchi. Biz bunga qarshimiz, shunga muvofiq vatanparvarlik ham kuchayib bormoqda”, - deydi yana bir kiyevlik.

Maydonda ko’rikdan o’tgan harbiy texnika paraddan so’ng ayirmachilar bilan janglar davom etayotgan mamlakat sharqiga jo’nab ketdi. Ko’pchilik ukrainlar milliy armiya nochor ahvolda ekani haqidagi chiqishlardan so’ng o’tkazilayotgan bu harbiy ko’rgazmani lozim deb hisoblashadi.

“Bu harbiy parad odamlarga ishonch baxsh etadi. Nafaqat aholiga, balki mamlakat sharqida jang qilyotgan yigitlarimizga ham ishonch beradi. Shu bois biz bu parad o’tkazilishini, prezidentimizni qo’llab-quvvatlaymiz. Barcha davlatlarga, hatto Rossiyaga ham tinchlik tilaymiz”, - deydi kiyevliklardan biri.

Harbiy texnika ko’z-ko’z qilingan paradni ortiqcha dabdaba deb hisoblovchilar ham bor.

“Bunday harbiy qudrat namoyishidan maqsad nima? Undan ko’ra harbiy qudratni mamlakat mustaqilligi uchun jon berilayotgan joy - sharqda ko’rsatishsin. Shundoq ham hamma biladi, yigitlarimiz mamlakat ozodligi uchun jonlarini tikishga tayyor. Odamlar hozir bu ko’z-ko’zni qabul qilishmaydi, nega shuncha texnikani bayram tantanasi uchun saqlab turishdi? Jang maydonidagi qurbonlar soni har kuni oshib borayotgan bir paytda”, - degan fikrda bir yigit.

Bu fikrlardan qat’i nazar ukrainaliklar mustaqillikning bu yilgi tantanasi vatan qadri va mustaqillik tushunchasini ortiqcha dabdabalardan xoli samimiy bir tuyg’uga aylantirganini e’tirof etishadi.

Kiyev ko'chalarida

Kiyev ko'chalarida

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG