Bo’lginchilar Ukraina sharqida o’z armiyasini tuzmoqchi

  • Amerika Ovozi

Mariupol, Ukraina

Mariupol, Ukraina

Sharqiy viloyatlardagi nizo kuchaygani sari vaziyat Rossiya qo’shin kiritishi uchun pishib borayapti.


Ukraina sharqida mustaqillik e’lon qilgan ayirmachilar o’z armiyasini tuzmoqchi.
Konchilik bilan kun ko’radigan Krasnoarmeysk shahrida aholi xayoli referendumdan boshqasi bilan band.


Qurol ko’targan bir to’da odam ularning eshigini qoqib keldi. O’zini Dnepr batalyoni deya tanishtirgan bo’linma ayirmachilarni qidirib yuribdi, o’ldirish payida. Guruh Ukraina yaxlitligi uchun kurashayotganini da’vo qiladi.

Sergey ismli quruvchining aytishicha, yakshanba kuni saylov uchastkasida bir odamni otib ketishgan.

“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan boshqa guvohlarning so’zlashicha, niqob kiygan 40 kishi shaharga bostirib kirib, saylov uchastkalarini yopishni buyurgan. Jahli chiqqan omma bilan bir-ikki og’iz tortishgach, ular o’t ochgan. Militsiya ikki odam o’lganini tasdiqlayapti.

Sergey Ukraina birdamligi tarafdori. Lekin oblast Ukraina, Rossiya yoki Yevropa tarkibida bo’lishi unga baribir. Muhimi tinchlik bo’lsa va maosh to’lanib tursa.

Ayirmachilarning dag’dag’asi, odam o’g’irlashlar va odam o’ldirishlar hamda qayta-qayta hujumlar aholini yo u, yo bu tarafni tanlashga majbur qilmoqda. Aholi buni xohlamasa ham.

Janjal undanda keskin tus olishi aniq. Yakshanba kungi referendum ketidan Donetskdagi separatistlar o’z armiyasini tuzishini aytib qoldi. Kiyevga aloqasi bor barcha kuchlar esa hududni tark etishi kerak bo’ladi.

Hukumat hozirning o’zida separatistlarga arang bas kelayapti, qurolli kuchlarda odam yetishmayapti. Tahlilchilarning aytishicha, hukumat mayda mustaqil jangovar bo’linmalarga ko’proq suyanishga majbur bo’ladi. Olishuvlar esa Donetsk va Lugansk bilan cheklanib qolishi gumon.

Luganskda separatistlar sardori Valeriy Bolotov sobiq harbiy. Rossiyaga sodiq boshqa yordamchilari bilan u endi qo’shni oblastlarda targ’ibot ishlarini boshlamoqchi. Ukrainadan ajralishga da’vat etmoqchi.

Uning aytishicha, ayirmachilar Kiyev bilan muzokara qilib o’tirmaydi. Faqat mahbus va garovdagi odamlarni almashish haqida gaplashamiz, deydi Valeriy.

Nizo kuchaygani sari vaziyat Rossiya qo’shin kiritishi uchun pishib borayapti.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG