Kiyevda AQSh va Yevropa rasmiylari bilan muzokaralar

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Ukraina rahbari Petro Poroshenko bilan, Kiyev, 5-fevral, 2015

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Ukraina rahbari Petro Poroshenko bilan, Kiyev, 5-fevral, 2015

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Ukrainaga safar qilib, Prezident Petro Poroshenko bilan muzokara olib bordi. Vashington Ukrainada urushdan aziyat chekayotgan aholiga 16.4 million dollarlik yordam ko'rsatadi. Mablag', xususan, Ukraina armiyasi va isyonchilar o'rtasidagi to'qnashuvlarda jabr ko'rgan oddiy fuqaroga atalgan.

Kerri deydiki, bu mamlakat sharqidagi mojarolar ortida Rossiya turibdi va Kreml agressiv siyosatini davom ettirib, Ukraina xalqi tinchligini buzib kelmoqda.

Vladimir Putin boshchiligidagi hukumat separatistlarga madadni to'xtatsa, ularni Kiyevga qarshi gijgijlamasa, murosa qilish mumkin, deydi rasmiy. Kiyevdagi rahbariyat bilan olishayotgan bo'lginchi kuchlar Moskvadan muntazam ravishda yordam olmoqda, deydi Kerri, bu qayta-qayta isbotlangan haqiqat. Putin va uning tarafdorlari buni rad etishi mumkin, ammo faktlar o'zgarmayapti, deydi AQSh tashqi ishlar vaziri. Ukraina-Rossiya chegarasidagi qora ishlardan dunyo xabardor, deydi Kerri, chunki hech kim u yerdan ko'zini uzmayapti.

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko va Bosh vazir Arseniy Yatsenyuk deydiki, davlat o'zini himoya qilishga majbur va buning uchun qo'ldan kelgan barcha chorani ko'radi. Qurolli kuchlar urushda va askarlar soni oshirilmoqda. Yangi qismlar tuzilib, mojaro nuqtalariga yo'l olmoqda. Ularni jangga tayyorlab, zarur vositalar bilan ta'minlash kerak. Ukraina konkret harbiy ko'makka muhtoj.

Qo'shma Shtatlar Ukrainaga qurol-aslaha yetkazish ustida hanuz o'ylanmoqda. Vashington va Yevropadagi hamkor davlatlarda Rossiyani qo'shimcha sanksiyalar bilan jazolash masalasi muhokamada.

To'qqiz oydan beri tinmayotgan ixtilofga barham berish uchun o'tkazilgan tinchlik muzokaralari o'tgan hafta natijasiz tugagan. Sharqiy viloyatlarda janglar yanada kuchaygan.

Fransiya Prezidenti Fransua Olland va Germaniya Kansleri Angela Merkel ham Ukrainaga borib yangi tinchlik tashabbusini olg'a surmoqda. Prezident Poroshenko bilan besh soatlik muloqot ketidan ular Moskvaga yo'l olmoqda. Vladimir Putin bilan uchrashuv kutilmoqda. Reja tafsilotlari hozircha e'lon qilinmagan.

Bryusselda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, alyans Rossiya bilan chegaralarda mudofaani mustahkamlashga kirishadi. Moskvaning Ukrainadagi agressiv harakatlariga javob bu, deydi u.

NATO bu maqsadda ajratilgan sakarlari sonini 13 mingdan 30 mingga oshiradi. Bundan tashqari, 5 ming kishilik tezkor qo'shin tuziladi. NATO mudofaa vazirlarining Bryusseldagi uchrashuvida AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygl ham qatnashayapti.

BMT hisobicha, 2014-yilning aprel oyidan beri ixtilof salkam 5400 odamni hayotdan olib ketgan. 12 ming kishi jarohatlangan.

Kerri bayonotidan parcha, ingliz tilida:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG