Breaking News

Kiyevda to’polon, muxolifat va hukumat murosa qilolmadi


Ukraina muxolifati poytaxt markazida namoyish qilishda davom etayapti. Hukumat bilan yarim tundan oshguncha kechgan muzokaralar natijasiz tugagan.

Oppozitsiya rahbari, sobiq bokschi Vitaliy Klichko prezident Viktor Yanukovich bilan yuzma-yuz muloqotni samarasiz, deb ta’riflaydi.

“Yolg’onchi rahbar bilan muzokara o’tkazishdan naf yo’q ekan”, - deydi Klichko.

Namoyishchilar Kiyev markazidagi pozitsiyalarini berib qo’ymoqchi emas. Biroq hafta boshidagi kabi qonli to’qnashuvlar kuzatilmayapti – tomonlar sulhga amal qilishga qaror qilgan.

Chorshanba kuni politsiya bilan olishuvlar uch kishini hayotdan olib ketgan edi. Inson huquqlarini himoya qiluvchi "Human Rights Watch" tashkiloti politsiya tomonidan shafqatsiz do’pposlash va qiynoqlarni tanqid qilayapti. Odamlarning o’limiga yetaklagan bu voqealar tergov qilinishi kerak, deydi huquq tashkiloti rasmiylari.

Ayni damda, g’alayonlar Kiyevdan g’arbiy shaharlarga tarqalgan. Cherkasy, Lvov kabi shaharlarda odamlar hukumat idoralarini qurshab olgan.

Muxolifat hukumatning iste’fosini, erta prezident saylovlari o’tkazishni va namoyishlarga qo’yilgan chekovni bekor qilishni talab qilayapti.

Prezident Viktor Yanukovich noyabrda Yevropa Ittifoqi bilan savdo bitimini imzolamay, o’rniga Moskva bilan yaqinlashishga qaror qilgani isyonga turtki bergan edi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG