Breaking News

AQSh Ukrainaga qurol uzatish ustida o'ylanmoqda


AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden (chapda) va Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko, Kiyev, 21-noyabr, 2014-yil
AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden (chapda) va Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko, Kiyev, 21-noyabr, 2014-yil

AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden yaqinda Kyevga qilgan tashrifi chog'ida Rossiyani Ukrainaga qarshi bosqinda aybladi, lekin Kiyevga qurol uzatishi mumkinligi haqida og'iz ochmadi. Biroq davlat kotibi o'rinbosari lavozimiga nomzodi ko'rsatilgan rasmiy Kongressdagi tinglovda Qo'shma Shtatlar Ukrainaga qurol berishi kerak, dedi.

Bayden Kiyevda Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko bilan uchrashuvdan so'ng bayonot berib, qo'shni Rossiyani sentabrda imzolangan sulh bitimini buzganlikda aybladi.

“Tobora ko'p provokatsion harakatlarga guvoh bo'lyapmiz, yaqinda imzolangan hujjat pisand etilmayapti", - dedi Bayden.

AQSh va G'arb davlatlari Rossiyani Ukraina sharqida isyonchilarni qo'llab-quvvatlayotganlikda, qurol bilan ta'minlayotganlikda, harbiylarini u yerga yuborayotganlikda ayblab keladi.

Qo'shma Shtatlar Ukrainaga yordam beryapti, ammo qurol bilan emas. Zirhli kiyimlar, avtomobillar shular jumlasidan. Biroq ayrim qonunchilar va rasmiylar Oq uyni mudofaa uchun qurol berishga chaqirmoqda. Masalan, Milliy xavfsizlik maslahatchisining o'rinbosari Toni Blinken.

“Masala muhokamada. Uni o'rganyapmiz”, - deydi u.

Blinkenning Senatdagi tinglovda aytishicha, Rossiyaning Ukrainadagi harakatlariga qattiqroq javob berish kerak.

“Rossiyaning Minskda imzolangan sulh bitimini jiddiy buzganini hisobga olib Ukraina qurolli kuchlari salohiyatini oshirishda yordam bersak, qurol uzatsak, Rossiyani hozirgi shashtidan qaytara olishimiz mumkin”, - deydi Blinken.

Respublikachi kongressmen Stiv Stokmen nazarida ham Ukrainaga o'zini mudofaa qilishda yordam berish kerak.

“Ukrainadagi voqealar tasvirlangan fotosuratlarni ko'rib ham ayrim odamlar jim turibdi, sukut saqlayapmiz. Qurolsiz hech bir mamlakat o'zini himoya qila olmaydi", - dedi qonunchi.

Biroq Vashingtondagi Amerika universitetida Rossiya va Ukraina bo'yicha mutaxassis Kit Dardenning aytishicha, Ukraina hukumatining muammosi qurollar emas, balki ichki tartibning yo'qligida.

“Ukraina hukumatiga Amerika qurollarini berib davlatni kuchli qilib bo'lmaydi. Axir Ukrainaning o'zi qurol ishlab chiqarsa. Bu ular uchun umuman muammo emas", - deydi tahlilchi.

Rossiyaning ogohlantirishicha, AQSh Ukrainaga qurol uzatsa, mintaqada ahvol yanada beqarorlashishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG