Inqilob qurbonlarini xotirlayotgan Ukrainani korrupsiya yemiryapti


Ukrainada inqilob qurbonlari xotirlanmoqda. Ikki yil muqaddam Kiyev maydoniga chiqqan inqilobchilarning o'qqa tutilishi natijasida yuzdan oshiq faollar o'lgan. Bu voqealar ketidan hukumat tepasiga kelgan siyosiy kuchlar mamlakatni boshqarishga ojizlik qilmoqda. Parlament uchun ham, prezidentlik uchun ham muddatidan erta saylovlar o'tkazilishi ehtimoldan xoli emas.

Ikki yil oldingi to'polonlarda yuzlab odamning o'limi yuzasidan surishtiruv yakuniga yetganicha yo'q. Prezident Petro Poroshenko xotira kuni munosabati bilan Ukraina xalqiga murojaat qildi.

Uning ta'kidlashicha, Ukrainaning Yevropaga qo'shilishi uchun jonini tikkan qahramonlar xotirasi abadiy, otishma uchun javobgarlar jazolanadi.

Xotira Ukraina hukumati inqirozga tortilayotgan bir paytda to'g'ri kelayotgani norozilik kayfiyatini yanada kuchaytirgan. Kiyevda xotira marosimi kechga yaqin hukumatga qarshi norozilik namoyishiga aylandi.

Maydonda chodirlar tikishga kirishgan va o'zlarini “Inqilobchi o'ng kuchlar” deb atayotgan guruh hukumat iste'fosini talab qilmoqda, inqiloblar davrida amalda bo'lgan xalq yig'inini tiklashga chaqirmoqda. Aksariyati ko'ngilli batalyonlar ishtirokchilaridan iborat bu faollar umidlar oqlanmagani haqida gapiradi.

Ammo hukumat ishini qoniqarsiz deb baholagan parlament Bosh vazir Arseniy Yatsenyukni iste'foga chiqarish uchun yetarli ovoz to'play olmadi.

Parlamentdagi ko'pchilik Yevropa bloki ittifoqi inqirozga yuz tutdi. Poroshenko partiyasi atrofida bu ittifoqqa birlashgan bir necha partiya uni tark etib, muxolifatga o'tganini e'lon qildi. Qonunchilikka ko'ra, 30 kun muhlat ichida parlamentda yangi ittifoq shakllantirilishi kerak.

Ukrainada shu tariqa muddatidan oldin saylovlar o'tishi ehtimoli bor. Bu ziddiyatlar, jumladan faoliyati qoniqarsiz baholangan hukumat tarqalmagani mamlakat siyosiy maydonida asosiy kuch sifatida qolayotgan oligarxlar manfaati bilan bog'liq ko'riladi.

Ukrainaga ko'mak ko'rsatib kelayotgan AQSh, Yevropa Ittifoqi va xalqaro moliyaviy tashkilotlar mamlakatdagi asosiy muammo - korrupsiyani yo'q qilishni talab qilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurash uchun hukumatga jalb etilgan texnokratlar guruhi vakili, Iqtisod vaziri Ayvaras Abromavichus Poroshenko blokiga kiruvchi oligarxlar bilan ziddiyatga kirishishi tufayli yaqinda lavozimidan ketdi.

Xalqaro moliyaviy tashkilotlarni ham, Kiyevdagi diplomatik vakolatxonalarni ham sergaklantirgan bu iste'fo hukumatda korrupsiyaga qarshi kurashish uchun iroda yetishmayotgani sifatida talqin qilindi.

Ukrainada inqilobning ikki yilligi, xususan, bu inqilob uchun jon bergan odamlar xotirlanar ekan, mamlakatda siyosiy ehtiroslar yanada keskinlashishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG