Breaking News

Ukrainlar Maydon va namoyishchilar atrofida bahslashmoqda


Kiyevdagi Mustaqillik maydoni
Kiyevdagi Mustaqillik maydoni

Bundan yetti oy avval Ukrainada Mustaqillik maydonidagi namoyishchilar prezident Viktor Yanukovichni hokimiyatdan ag’dargan edi. Shundan buyon mamlakatda jiddiy o’zgarishlar yuz berganiga qaramay, namoyishchilar hanuz Maydonni tark etgani yo’q. Ular demokratiya qo’riqchilari sifatida bu yerda turishni davom ettirish niyatida ekanliklarini aytmoqda. Shaharliklar esa maydon tozalanishi kerak degan fikrda.

Ukraina-Maydon
Iltimos, kuting...
Embed

No media source currently available

0:00 0:03:21 0:00
Yuklab oling

Svitlana Ukraina g’arbidagi Kolomiya shahridan. U Maydonda pomidor ko’chatlarini o’stirmoqda.

Do’stlari bilan birga Svitlana qish bo’yi namoyishchilar va politsiya to’qnashgan maydonni ekinzorga aylantirdi.

Kiyevda tinchlik hukm surayotganiga qaramay Svitlana namoyishlar to’xtamasligi kerak, degan fikrda.

“Barcha sohalar korrupsiyadan tozalanishi kerak. Poraxo’r rasmiylar hokimiyatdan ketsin. Maydondagi namoyishchilarga o’t ochilgani taftish qilinsin”, - deydi u.

Yanvar oyida politsiya namoyishchilarga qarata o’t ochganida 100 dan ziyod nodam halok bo’lgan edi.

Ammo ular mehnati zoye ketmadi. Prezident Viktor Yanukovich hokimiyatdan quvildi. May oyida xalq Petro Poroshenkoni prezident etib sayladi. Kiyevliklar orasida namoyishlarni tugatish vaqti keldi, deyayotganlar ham kam emas. Valya ulardan biri.

“Biz, kiyevliklar, namoyishchilarni qo’lladik, oziq-ovqat, kiyim berdik. Shunday qilish to’g’ri dedik. Ammo bugun Maydon ahamiyatini yo’qotdi”, - deydi u.

Mustaqillik maydonida jinoyatlar sodir etilatyotganidan shikoyat qilayotgan shaharliklar ham bor. Kiyevning yangi saylangan meri Vitaliy Klichko bu haqda shunday deydi:

“Kiyev ahli zirhli nimchalar uchun pul bergan edi. Chunki mamlakat sharqida jang maydonlarida ular kerak. Endi esa Maydon ichida zirhli nimchalar kiyib yurishibdi. Ko’p beriladigan yana bir savol: Nimaga otishma eshitiladi, o’g’irliklar nega ko’p, matbuotga nega hujumlar uyushtiriladi?”

Ammo boshqalar nazarida, siyosiy inqilobga hali nuqta qo’yilganicha yo’q.

“Maydonchilarning ilk talablaridan biri parlament saylovlarini o’tkazish edi. Bu talab bajariladimi-yo’qmi, noma’lum”, – deydi “Ukraina xalqaro forumi” nomli guruh siyosiy tahlilchisi Valeriy Pekar.

Pekar, shuningdek, ko’plab namoyishchilar hozir mamlakat sharqida rossiyaparast kuchlarga qarshi kurashayotganini aytadi.

“Maydon faollari sharqda jang qilmoqda. Ular safdoshlaridan, keksa namoyishchilardan Maydonni tark etmaslikni so’ragan. Chunki ular Maydonni mustaqil Ukrainaga qarshi kuchlar egallab olishi mumkinligidan xavotirda”, - deydi u.

O’zini Maydon kazaklari rahbari deb tanishtirgan Mikola Bondar ham bu yerni tark etish niyatida emas.

“Maydonni kuch bilan tozalamoqchi bo’lishsa, biz kuch bilan javob beramiz. Maydonga birinchi chiqqanimizda nimani talab qilgan bo’lsak, shularga erishishimiz kerak. Aks holda bu yerdan ketmaymiz”, - deydi u.

Maydonni tark etishni istamayotgan namoyishchilar hamda tarixiy joyni tozalash tarafdori bo’lgan kiyevliklar o’rtasidagi bahs-munozara davom etmoqda. Kuch bilan o’z qarorini ijro etishga esa hukumatning haddi sig’maydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG