Ukrainada mustaqil televideniye so'z erkinligi uchun kurashmoqda

  • Amerika Ovozi

TVi telekanali tarafdorlari norozilik namoyishi uyushtirdi

TVi telekanali tarafdorlari norozilik namoyishi uyushtirdi

Ukrainada parlament saylovlari yaqinlashar ekan, rasmiylar so’z erkinligini cheklamoqda, deydi faollar. TVi televizion kanali azaldan muxolifatni qo’llab-quvvatlab kelgan. Endi esa Viktor Yanukovich hukumati unga bosimni oshirdi, moliyaviy va ma’muriy javobgarlikka tortmoqchi, deydi jurnalistlar. Rasmiylar esa bunday bayonotlarni asossiz demoqda.

Ukrainada ba’zilar sevimli kanalining yopilganidan nolimoqda. Kiyevlik talaba Ivan Artyomenko buning sababini bilmaydi.

"Televizorni yoqsam, TVi kanalida ekran qop-qora, hech narsa yo’q. “Kanal yopildi” degan yozuv bor xolos", - deydi u.

TVi kanali va hukumat o’rtasidagi mojaro boshlanganiga ancha bo’ldi. Birinchi navbatda kanal litsenziyasi olib qo’yildi. Rahbari soliqlarni to’lamaganlikda ayblandi, biroq ko’p o’tmay ayblovlar asossiz ekani aniqlandi. So’ngra kanal dasturlari kabel televideniyesi orqali namoyish qilinmay qo’ydi, deydi bosh direktor Mikola Knyajitskiy.

“Kanalimiz 80 dan ortiq kabel operatori orqali ko’rsatilmay qo’ydi. Eng yirik kabel studiyasi “Triolan” bizni o’chirib qo’ydi. Kiyevdagi ommabop “Volia” studiyasi esa bizni tomosha qilmoqchi bo’lganlar uchun narxni anchaga oshirdi”, - deydi u.

Natijada TVi tomoshabinlarining soni ancha kamaydi, auditoriyasining uchdan biri qoldi. Bu birinchi navbatda televideniyening butunlay yopilishiga olib kelishi mumkin. Ikkinchidan, TVi orqali saylovchilarga murojaat qiladigan muxolifatga zarba.

TVi rahbariyati kanalga qarshi harakatlar Televideniye va radio milliy kengashi ko’rsatmasiga ko’ra boshlanganini ta’kidlaydi. Davlat idorasi buni inkor etmoqda.

Kabel operatorlari bizga hech qanday siyosiy bosim ko’rsatilayotgani yo’q, deydi. Ayrimlar TVi ning ko’rsatilmay qo’yishiga texnik sabab ko’rsatsa, boshqalar kanalning reytinglari past, demoqda.

"TVi kanalini biz orqali tomosha qilish mumkin. Uni hech kim o’chirgani yo’q. Ammo uni mijozlarga necha pulga taklif qilishni biz o’zimiz hal qilamiz,” - deydi “Volia” operatori xodimi Alina Sigda.

Mustaqil kuzatuvchilar bunday bayonotlar quruq gap, deydi. “Telekritika” ommaviy axborot vositalarini kuzatib boradigan tashkilot. Uning xodimi Nataliya Ligachova fikricha, saylov kampaniyasi cho’gida telekanalga siyosiy bosim ko’rsatilganiga shubha yo’q.

"TVi kanali atrofidagi vaziyatga Ukraina hukumati sababchi. Rasmiylar muxolif telekanalga bemalol faoliyat yuritish imkonini yaratishi lozim", - deydi u.

O’tgan oyda telekanalning bir yarim mingga yaqin tarafdori norozilik namoyishi uyushtirdi. Tomoshabinlar esa kanalga sud belgilagan jarimani to’lash uchun pul yubordi.

Kanal bosh muharriri Vitaliy Portnikov Ukrainada jurnalistlarga qarshi jiddiy kurashning hal qiluvchi jangi olib borilayotganini aytadi.

“Ukraina jurnalistlari so’z erkinligiga ega bo’lishi kerak. Bu biz uchun nihoyatda muhim. Tomoshabinlarimiz Sovet davri kabi haqiqatni faqat Amerika Ovozi yoki Ozodlik radiosi orqali bilsinmi? Mustaqil davlat uchun bu uyat emasmi? Biz xalqqa haqiqatni o’zimiz aytishimiz kerak”, - deydi Portnikov.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG