Donetskda otishmalar, urib tushirilgan samolyot yuzasidan tekshiruv boshlanmagan

  • Amerika Ovozi

Samolyot qoldiqlar yotgan joy yaqinida otishmalar, 19-iyul, 2014

Samolyot qoldiqlar yotgan joy yaqinida otishmalar, 19-iyul, 2014

Ukraina hukumati Rossiyani ikki kun oldin Donetskda urib tushirilgan yo’lovchi samolyot qoldiqlari orasidan ashyoviy dalillarni yo’q qilishda separatistlarga yordam berayotganlikda ayblamoqda.

Malayziya havo yo’llariga tegishli samolyot ichida 298 odam bo’lgan. Hammasi o’lgan. AQSh hukumatining tasdiqlashicha, samolyot yerdan nishonga olingan.

Raketa Ukraina hududidan, hozirda bo’lginchi kuchlar nazorat qiladigan hududdan otilgan, deydi prezident Barak Obama, kecha Oq uydan turib. Bu ishda Rossiyaning aloqasi borligini u shubha ostiga olmaydi.

Samolyotni nishonga olish uchun ilg’or texnologiya ishlatilgan va buni separatistlarga faqat Rossiya berishi mumkin ekani ayon, deydi rasmiylar. Biroq Amerika to’liq xulosa qilishga shoshmayapti. Mustaqil tergovga chaqirgan. Jarayonda yordam berishga tayyor.

Ammo halokat joyida hech qanday tekshirish boshlanmagan. Hududga kirish qiyin. Separatistlar chetdan hech kimni bu joyga deyarli yaqinlashtirmayapti, bir necha jurnalistga ruxsat berilgan xolos.

Bugun Donetskda, xususan halokat joyiga yaqin qishloqlarda otishma kuzatilgan. Odamlar o'lgan bo'lishi mumkin.

Jangarilar Rossiya ko’magi bilan 38 jasadni olib ketgan, deya ta’kidlaydi Kiyev rasmiylari.

Rossiya biror ayblovga javob bermaydi.

Malayziya Transport vaziri Liov Tiong Ukrainaga safarini boshlar ekan, halokat joyidan hech narsa qo’zg’atilmasligi shart deya talab qildi. Lekin ularning qo’lida ham rusparast separatistlar qoldiqlarni ko’chira boshlagan deya ma’lumot bor.

Amerika va Yevropa Ittifoqi Kremlni maqsadi tinchlik ekanini isbotlashga chaqirmoqda. Rossiya rahbari Vladimir Putin jim. Obama va Germaniya kansleri Angela Merkel bilan telefon muloqotlarda u Ukraina hukumatini ayblagan. G'arb talabi shuki, halokat joyidan biror narsa olib chiqilmasligi lozim.

Jasadlar issiqda chirishni boshlagan. O'lganlarning yaqinlari ular olib chiqilishini so'ramoqda. Qancha vaqt boy berilsa, isbot-dalil shunchalik g'oyib bo'ladi, deydi ekspertlar.

Kecha hududga Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining mutaxassislari borgan. Lekin separatistlar ularni ishlashga qo'ymagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG