Ukraina armiyasi Rossiyaga bas kela oladimi?

  • Amerika Ovozi

Ukraina askarlari mamlakat sharqidagi Mariupol shahrida, 7-mart, 2014-yil.

Ukraina askarlari mamlakat sharqidagi Mariupol shahrida, 7-mart, 2014-yil.

Sharqiy Ukrainada vaziyat hanuz keskinligicha qolmoqda. Og’ir qurollangan rossiyaparast isyonchilar hamda Ukraina hukumati xavfsizlik kuchlari o’rtasida to’qnashuv davom etmoqda. Agar Rossiya kuchlari Ukrainaga bostirib kiradigan bo’lsa, Ukraina armiyasi tahdidni qaytarishga qodirmi? Ma’lumotlarga ko’ra, Ukraina Mudofaa vazirligi hisobida 70 mingdan 130 minggacha askar bor.

Ammo Ukraina armiyasida jiddiy muammolar ko’p, deydi Amerika Tashqi siyosat kengashi eksperti Stiven Blank.

“Yuqoridan turib boshqarish va nazorat qilish zaiflashgan. Yangi hukumat hokimiyatga kelganidan beri mudofaa vaziri va turli xavfsizlik kuchlari qo’mondonlari ko’p almashdi. Ikkinchidan, ularing razvedka idoralarida azaldan Rossiyaning odamlari bor. Uchinchidan, harbiylar yetarli mablag’ga ega emas, uzoq yillik korrupsiya va zaif boshqaruv qurboniga aylangan”, - deydi mutaxassis.

Angliyadagi Nizolarni o’rganish tadqiqot markazi rahbari Kir Jilga ko’ra, Ukraina so’nggi paytlarda o’z armiyasini zamonaviylashtirish harakatiga tushgan.

“Ammo Rossiyaga qaraganda ancha zaif va kam ta’minlangan. Ukrainlar Rossiya harbiylari ishlatmay qo’ygan eski qurollardan hanuz foydalanmoqda. Sovet Ittifoqi qulaganidan beri Ukraina armiyasida yuz bergan o’zgarishlar Rossiya armiyasi Gruziya urushidan beri o’zgarganchalik ham emas”, - deydi u.

Tahlilchilarning aytishicha, 2008-yil Gruziya bilan bo’lib o’tgan besh kunlik urushda Rossiya harbiylari kutilgan natija ko’rsata olmagani bois Kreml tizimni isloh qilish bo’yicha jiddiy o’zgarishlarni amalga oshirishga tushdi.

Armiyaning tezkorligini kuchaytirish, mahalliy ixtiloflar ro’y berganda o’z vaqtida hujum qilish qobiliyatini shakllantirish Moskva amalga oshirgan islohotlardan biri. O’tgan oy Qrimni Rossiya tarkibiga qo’shib olishga qaratilgan amaliyotda Rossiya ana shu islohot natijasi bo’lgan salohiyatini ko’rsatishga harakat qildi.

Ukraina esa hanuz sovetlar uslubidagi armiyaga ega ekani aytiladi.

Jilning aytishicha, Ukraina yuzlashayotgan muammolardan yana biri armiya tarkibida sadoqatiga ishonch bo’lmagan askarlarning mavjudligidir.

“Sharqiy Ukrainada armiyani tark etib, isyonchilar safiga qo’shilayotganlar haqida biz eshitayotgan ko’p xabarlar to’g’ri emas. Lekin Ukraina armiyasining ko’plab yetakchi zobitlari Sovet armiyasi tarkibida ruslar bilan birga ishlagan. Shuningdek, Ukraina harbiylari orasida o’zining rus ekanini ochiq aytadiganlar ko’p”, - deydi tahlilchi.

Sharqiy Ukrainadagi o’ndan ortiq shahar hozir rossiyaparast kuchlar nazoratida. Shuningdek, 40 mingdan ortiq Rossiya askari Ukraina chegarasi yaqiniga keltirilgan.
Kir Jil Ukraina harbiylari, agar urush boshlansa, Rossiya hujumini qaytarishga qodir emasligini aytadi.

“Albatta, salohiyat jihatidan, Rossiya armiyasi Ukrainaga qaraganda yaxshiroq qurollangan va tashkil etilgan. Ammo ko’pchilik Rossiya harbiylarining uzoq vaqt davom etadigan ixtilof uchun tayyor emasligini aytmoqda. Shuning uchun Ukrainada amalga oshiriladigan har qanday amaliyot Gruziyada bo’lganidek tez va munosib qarshiliksiz amalga oshirilishi kerak”, - deydi Jil.

Kuzatuvchilaring ogohlantirishicha, agar Rossiya Ukrainaga bostirib kiradigan bo’lsa, ukrainaliklar Rossiyaga qarshi partizanlik harakatini boshlab yuborishi mumkin. Hozirgi holatda Rossiya voqealarning bunday rivoj topishini istamaydi, deydi ular.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG