Sulh Ukrainaga tinchlik olib kelmadi, deydi ayrim fuqarolar

  • Amerika Ovozi

Yevropa Ittifoqi va NATO rahbarlari Rossiyadan Ukraina sharqidagi isyonchilarni qo’llab-quvvatlashni bas qilishni hamda Minskda imzolangan sulh bitimidan chetga chiqmaslikni so’ramoqda. Isyonchilar sulh imzolanganidan so’ng Debalsevoni egallab oldi. Fuqarolar urushidan Donbass aholisi aziyat chekmoqda, ko’plar qo’shni Rossiyaga qochishga majbur bo’ldi.

Qurshovga tushgan Ukraina armiyasi Debalsevoni tark etishga majbur bo’ldi. Isyonchilar bergan ma’lumotga ko’ra, salkam uch ming harbiy janglarda nobud bo’lgan, o’nlab askar asirga tushgan.

Shahardan chiqayotganimizda qattiq hujumga uchradik, deydi ulardan biri.

"Bizni tinmay o’qqa tutishdi. Har bir daraxt tomon otishdi, pulemyotdan, granatmoyotdan - har xil qurollardan”, - deydi Vadim ismli zobit.

Yevropa Ittifoqi va NATO rasmiylari Latviyada uchrashib, isyonchilarni sulhni buzganlikda aybladi.

"Sulhga rioya qilinmayapti. Ukraina sharqidagi separatistlar Debalsevo va uning atrofida hujum qilmoqda. Ular ilg’or qurollarni ishga solmoqda”, - dedi NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg.

Rossiya isyonchilarni qurollantirayotgani haqidagi G’arb ayblovlarini inkor etib keladi. Prezident Vladimir Putin va Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Ukraina askarlari Debalsevodagi qurshovni yorib o’tishga harakat qilgani uchun isyonchilar ularga qarshi qurol ishlatishga majbur bo’ldi.

Qo’shma Shtatlar isyonchilarni mojaro zonasiga xalqaro kuzatuvchilarni kiritishga chaqirdi.

Davlat departamenti matbuot kotibi Jennifer Psakining aytishicha, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilari Debalsevoga kiritilmaganini aytib, shahar aholisining taqdiri yuzasidan xavotir bildirgan.

Isyonchilar shaharga kirish xavfli ekanini aytib, kuzatuvchilardan sabr qilishni so’ragan. Bu o’rtada mahalliy aholi aziyat chekmoqda.

Minsk bitimi tinchlik olib kelmadi, deydi Nikolay ismli odam.

“Shahar vayron bo’ldi, kim uni tiklaydi”, - deydi u.

Aksariyat aholi qo’shni Rossiyaga qochib o’tgan. Luganskdagi ayrim oilalar Rostov-Donda qo’nim topdi.

"Ish yo’q. Ijaraga kvartirada turdim, lekin to’lagani pul yo’q. Arzonroq joy topishga majbur bo’ldim. Ko’mir yo’q, maosh yo’q, yegulik yo’q, hech narsa yo’q”, - deydi Raisa ismli ayol.

Shu hafta Ukrainadagi namoyishlar natijasida sobiq Prezident Viktor Yanukovichning hokimiyatdan ag’darilganiga bir yil to’ladi. Eski rejimga qarshi kurash mamlakatga qimmatga tushdi: Qrim qo’ldan boy berildi, sharqda urush avj olib, minglab odamlar nobud bo’ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG