Vazir: G'arb Ukrainaga qurol-aslaha yetkaza boshladi

  • Amerika Ovozi

G’arb davlatlari rossiyaparast bo’lginchilar bilan kurashish uchun Ukrainaga qurol-aslaha yubormoqda. Bu haqda Ukraina mudofaa vaziri bayon qildi, ammo qaysi davlatlardan yordam kelayotgani aytilmayapti.

Ayni paytda Donetsk atrofida janglar vaqti-vaqti bilan davom etmoqda. 5-sentabr kuni tomonlar Minskda sulh imzolagan edi.

Ukraina Mudofaa vaziri Valeriy Xaletey so’zlariga ko’ra, qurol-yarog’ ta’minoti xususida ikki haftacha oldin Britaniyada bo’lib o’tgan NATO sammitida yopiq eshiklar ortida kelishib olingan.

“Yangi qurollar bizga Putinni to’xtatish uchun, mamlakatni Rossiya hududidan otilayotgan raketalardan himoya qilish uchun kerak”, - deydi vazir.

Uning aytishicha, NATO yuborgan mudofaa tizimlari Ukraina tomon otilgan raketalarni bir necha soniya ichida urib tushirishga qodir bo’ladi.

Jurnalistlar bilan suhbatda Valeriy Xaletey hozir Ukrainada 3,5 ming rus askari jang qilayotganini, qo’shni davlatdan artilleriya hujumlari davom etayotganini da’vo qildi. Rossiya bu ayblovlarni qat’iyan rad etadi.

Onda-sonda ro’y berayotgan otishmalarni hisobga olmaganda, Ukraina armiyasi va separatistlar Belarusda imzolangan sulhga amal qilmoqda. Lekin o’tgan ikki kunda Donetsk aeroporti atrofida to’qnashuvlar avj oldi. Aeroport hozir Ukraina harbiylari nazoratida.

Rejaga ko’ra, 12 banddan iborat hujjat muzokaralarga yo’l ochishi kerak. Tomonlar hozirdan bir-birini sulh shartlarini buzganlikda ayblayapti.

Prezident Petro Poroshenkoning ta’kidlashicha, suverenitet Ukraina uchun ustuvor masala, lekin u sharqiy mintaqalarga ko’proq avtonomiya berishni va’da qilmoqda. Rossiya va bo’lginchilar, o’z navbatida, Donetsk va Lugansk Kiyevdan mustaqil bo’lsin, Moskva bilan yaqin aloqa o’rnatishga haqli bo’lsin deya talab qo’ymoqda.

Tahlilchilarga ko’ra, Rossiya rahbari Vladimir Putin Ukraina G’arbiy Yevropaga yaqinlashaman deganda u yerda nizo qo’zg’ashdan manfaatdor. Davomiy mojaro Ukrainaning ittifoqqa a’zolik tomon harakatini qiyinlashtiradi. Chegaralari mavhum mamlakat NATOga ham qo’shila olmaydi.

Lekin tomonlarni muzokaraga undayotgan omillar bor. Siyosatdonlar nazarida, prezident Poroshenko tushunib yetdiki, Putin bo’lginchilar yutqazishiga yo’l qo’ymaydi.

Rossiyani ancha yillar oldin tark etgan harbiy ekspert Igor Sutyagin hozir Britaniyada yashaydi. Uning aytishicha, G’arb qo’ygan sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotiga ziyon yetkaza boshlagan.

“Putin jazo choralari yanada oshirilishini istamaydi. Shuning uchun Kiyevni bo’lginchilar bilan bir stol atrofida o’tirib, muzokaraga majburlayapti”, - deydi suhbatdosh.

Sulh kelishuviga to’liq amal qilinmayotgan bo’lsa-da, Ukraina sharqida zo’ravonlik ko’lami va talofatlar kamaygan. Bu mojaroni muloqot orqali hal qilishga yo’l ochishi mumkin.

Ukraina masalasi 15-sentabr kuni Parijda qator davlatlar ishtirokida o’tayotgan sammitda ham tilga olinadi. AQSh Davlat kotibi Jon Kerri tashqi ishlar vazirlari bilan so’nggi o’zgarishlar haqida fikr almashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG