AQSh diplomati: Ukraina tinchligini buzayotgan biz emas, Rossiya


Viktoriya Nuland - AQSh Davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo'yicha muovini

Viktoriya Nuland - AQSh Davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo'yicha muovini

AQSh Davlat kotibi muovini Viktoriya Nulandning aytishicha, Vashington Ukraina sharqida iqtisodiy ahvolni yaxshilab, tinchlikni qayta tiklash tashabbuslarini qo’llab-quvvatlaydi. Bugun Kiyevda matbuot anjumani o’tkazgan Nuland Ukraina xalqini prezident saylovlari bilan qutlab, jarayonni xolis va erkin deb ta’rifladi.
“Oldinda muhim ishlar kutayapti. Davlatni oyoqqa turg’izish, xalqni birlashtirish, Yevropa tarkibidagi demokratik bir mamlakatga aylantirish kabi muhim jarayonlar hali oldinda”, - deydi AQSh yetakchi diplomati.
AQSh Rossiyaning "tinchlik muzokarasiga tayyormiz" degan bayonotiga qanchalik ishonadi degan savolga Nulandning javobi shuki, Kreml avvalo konkret qadam tashlashga shay ekanini isbotlasin. Qo'shinlarni olib chiqsin, separatistlarga yordamni to'xtatsin.

Nuland Ukarinadagi safari davomida sharqdagi vaziyat bilan tanishgan. AQSh rasmiysi fikricha, Rossiyadan Ukraina hududiga oddiy fuqarolardan tashqari jangarilar ham hech bir to'siqsiz o'tayotgani qabul qilib bo'lmas holat.

Rossiya Vashingtonni Maydondagi namoyishlarni moliyalaganlikda, Viktor Yanukovichning prezidentlikdan ag'darilishini zimdan quvvatlaganlikda, Ukrainada yana bir "inqilob" uchun mablag' ajratganlikda ayblab keladi.

Amerika Ukraina erkin va demokratik jamiyat bo'lishi xohlaydi, deydi Nuland, lekin bu yurt tinchligini buzayotgan AQSh emas, qo'shni Rossiya.

1991-yildan boshlab Vashington Ukrainaga 5 milliard dollar atrofida moddiy yordam ko'rsatgan. Bu mablag' Chernobil halokati asoratlarini bartaraf etish, fuqaro jamiyati taraqqiyoti, demokratik islohotlarni jadallashtirish, qishloq xo'jaligi va iqtisodiyotni rivojlantirish singari loyihalar uchun sarflangan. AQSh tomonidan Rossiyaga ko'rsatilgan yordam bundan uch barobar ko'p - 18 milliard dollardan ziyod.

Amerika diplomati deydiki, uning davlati Ukrainada ham, Gruziyada ham aksilraketa mudofaa tizimini o'rnatish niyatida emas.

Ukraina yangi prezidenti Petro Poroshenko mamlakat sharqida borayotgan harbiy amaliyotlar tez kunlarda yakunlanadi va Rossiya bilan muzokaralar boshlanadi deya qayd etmoqda.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG