Obama Putinga: Ukraina yuzasidan taklifimizni jiddiy ko'rib chiqing

  • Amerika Ovozi

Vladimir Putin

Vladimir Putin

Rossiya Ukrainaga qo’shin kiritish niyati yo’qligini bildirmoqda.

Qrimni o’z hududiga aylantirgan va u yerda minglab kuchga ega davlatning Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov “Ukraina chegaralarini kesib o’tish maqsadidan yiroqmiz”,- deydi.

Kecha Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh rahbari Barak Obamaga telefon qilgan. Obama u damlarda Saudiya Arabistoniga safar qilayotgan edi. Putin undan Ukraina bilan mojaroni qanday hal etish yuzasidan o’z taklifini muhokama qilishni so’ragan. Obamaning javobi shuki, taklif Davlat kotibi Jon Kerri tomonidan Sergey Lavrovga yozma ravishda berilgan va Kremldan javob kutilmoqda. Unga jiddiy yondashish kerak, deydi Obama.

Vashingtonning asosiy taklifi shuki, Rossiya Qrimdagi kuchlarini darhol bazalarga qaytaradi va hududga xalqaro kuzatuvchilar kiritiladi.

Tinchlik, tartib, huquqqa hurmat – Amerika istagi shu, deydi Ukraina hududiy yaxlitligi tiklanishi lozim deb kelayotgan Obama.

AQSh nazarida Moskva qanchalik inkor etmasin, Rossiya kuchlari Ukrainaga hujum qilishga shay holatda turibdi. Bu esa vaziyatni yanada og’irlashtirgan. Ukraina o’zini himoya qilishga tayyorlanmoqda. Bu ahvolda tinchlik va barqarorlik haqida gapirish qiyin, deydi rasmiylar.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun “Putin menga Rossiya Ukrainaga kirmaydi”, deya va’da berdi deydi.

Ukraina Davlat xavfsizligi kengashi rahbari Andriy Parubiy deydiki, shimol, janub va sharqiy chegaralarda Rossiyaning 100 mingga yaqin askari safarbar etilgan. Putin G’arbni avrashga urinmoqda, aslida urushga hozir, deydi u. Kremlga ko’ra esa bu iddaolar safsata.

Obama bu haftani Yevropa va Saudiya Arabistonida o’tkazdi. Riyoddagi muzokaralarda asosan Yaqin Sharqdagi masalalar haqida gap ketgan, jumladan Isroil-Falastin mojarosi va Suriyadagi urush. Al-Saud qirolligi Isroilni dushman deb biladi, shuningdek, Bashar al-Assadga nisbatan nafrat ham kuchli. Shu bois qirollik Assadga qarshi isyonchi kuchlarni qurol-aslaha bilan ta’minlab kelmoqda.

Obama Riyodda xotin-qizlarning huquqlari xususida ham gapirib, oilaviy zo’ravonlikka qarshi kurashib kelayotgan faol Maha al-Munifni taqdirladi. Ayolini qadrlamagan jamiyat parokandalik tomon yo’naladi, dedi Obama. Saudiya Arabistoni hukumati bu borada boshqacha fikrda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG