Breaking News

Ukraina osmonida portlagan samolyotda kimlar bor edi?


Grabovo qishlog'i, Donetsk, Ukraina, 17-iyul, 2014
Grabovo qishlog'i, Donetsk, Ukraina, 17-iyul, 2014

Rossiya rahbari Vladimir Putin Ukrainada urushayotgan taraflarni qurolini tashlab, imkon qadar tez muzokara stoliga qaytishga undadi. Bir kun oldin notinch Ukraina sharqida Malayziya havo yo’llariga qarashli samolyot urib tushirilgan, o’nlab davlatlardan jami 295 odam, jumladan 280 yo’lovchi va 15 nafar ekipaj a’zosi halok bo’lgan edi.

Falokat ortida kim turganini mustaqil tergov qilishga da’vatlar yangrar ekan, jasadlarni qidirish ishlari hanuz davom etayapti. Voqea shu paytgacha yuzlab odamlarni hayotdan olib ketgan Ukraina-Rossiya ixtilofida burilish nuqtasiga aylanishi taxmin qilinadi.

Amsterdamdan Kuala Lumpurga yo’l olayotganlar orasida o’nlab olimlar bo'lgan. Ular Avstraliyada OITS, orttirilgan immunitet taqsilligi sindromiga oid xalqaro anjumanga ketayotgan ekspertlar edi. Bu og'ir kasallikka qarshi kurashda ulkan yutuqlarga erishgan, dori va davo usullari bilan chiqqan kashfiyotchilar edi.

Marhumlardan 173 nafari Niderlandiya, 44 kishi Avstraliya, 12 odam Indoneziya, shuningdek, Britaniya, Germaniya, Belgiya, Kanada, Yangi Zelandiya va Filippin fuqarolaridir. Bir amerikalik bo'lgani ham ma'lum.

AQSh razvedka agentliklarining tasdiqlashicha, samolyot raketa bilan urib tushirilgan va aynan Ukraina sarhadidan turib nishonga olingan. Samolyot havoda portlagan. Ukraina qurolli kuchlari bunday vositaga ega emas, deydi Amerika rasmiylari. Gumon shuki, samolyotni o'qqa olganlar - rusparast bo'lginchilar.

Ukrainaning BMTdagi elchisi Yuriy Sergeyevning aytishicha, Kiyev fojeada Rossiyaning qo’li borligini tasdiqlovchi dalillarni Xavfsizlik Kengashiga taqdim etadi. Vladimir Putin esa Ukraina hukumatini isyonchilarga qarshi hamlalari uchun tanqid qilmoqda. Kreml rahbari voqeani “fojea” deya ta’riflagan.

Amerika Vitse-prezidenti Jo Bayden so’zlariga ko’ra, yo’lovchi layneri qulagani baxtsiz hodisa yoki tasodif emas.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bugun favqulodda majlis o’tkazib, halokatni muhokama qiladi.

Malayziya Transport vaziri nazarida Ukraina sharqida qulagan samolyot atayin urib tushirilgani ayol bo’lsa, bu “insoniylikni oyoq osti qilishdek” gap. Vazir Lyo Tion Lay bugun Kuala Lumpurda matbuot bilan ko’rishar ekan, yo’lovchi laynerni nishonga olish xalqaro qonunlarga ziddir, dedi.

Bugun Malayziya 62 kishidan iborat qidiruv-qutqaruv guruhini Kiyevga yuboradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG