Bo’lginchilar samolyotni urib tushirdi, Rossiya karvoni hamon chegarada

  • Amerika Ovozi

Ukraina sharqida bo’lginchilar Mig-29 samolyotini urib tushirgan, ammo uchuvchisi omon qolgan. Uni qutqarib, Lugansk shahridan olib chiqdik, deya bildirmoqda harbiylar.

Rossiya yuborgan gumanitar kolonna hanuz chegarada tekshiruvdan o’tmoqda. Xalqaro qizil xoch tashkiloti inspektorlari bu jarayonga bosh-qosh.

Oziq-ovqat, ichimlik suvi hamda dori-darmon ortilgan 300 yuk mashinasi, agar Ukrainaga kirishga ruxsat olsa, Donetsk va Lugansk tomon yo’naladi. Ko’makni tarqatish Xalqaro qizil xoch zimmasida.

Ukraina va G’arb hukumatlari insonparvarlik yordamini yuborgan Rossiyaning asl maqsadlarini shubha ostiga olgan, uni Ukrainaga kiritmaslik masalasi ham ko’rib chiqilgan edi.

Bugun Rossiya, Ukraina, Fransiya va Germaniya tashqi ishlar vazirlari Berlinda uchrashib, mojaroni muhokama qiladi. Fransiya rahbari Frasua Olland Kremlni qo’shni davlat suverenitetini hurmat qilishga, Kiyevni esa ortiqcha kuch ishlatmaslikka chaqirgan.

Ukraina armiyasi separatistlar nazoratidagi shaharlarni o’rab olib, g’alabaga oz qoldi deya ishontirmoqda. Ammo Rossiyadan qurol ta’minoti to’xtamas ekan, bu oson bo’lmaydi, deya hikoya qiladi “Amerika Ovozi” ning Kiyevdagi muxbiri Geyb Joselo.

Ukraina xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Andrey Lisenkoning aytishicha, hukumat kuchlari bugun Lugansk shahridagi politsiya idorasini nazoratga olib, Ukraina bayrog’ini qadagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG