Debalsevo isyonchilar qo'lida

  • Amerika Ovozi

Ukraina qo'shinlari Debalsevodan chiqmoqda

Ukraina qo'shinlari Debalsevodan chiqmoqda

Isyonchilar bilan bir necha haftalik janglardan so'ng Ukraina armiyasi sharqdagi Debalsevo shahrini tark etishga majbur bo'ldi. Isyonchilar shaharga kirib, o'z bayrog'ini qadagan.

Ukraina Prezidenti Petro Poroshenkoning aytishicha, qo'shinlar mamlakat sharqidagi Debalsevo shahridan qurollari bilan tartibli ravishda chiqqan. Poroshenko bugun front chizig'iga borib, askarlar bilan uchrashmoqda.

Uning aytishicha, Debalsevodagi qo'shinlarning 80 foizi shaharni tark etgan, yana ikkita kolonna tez orada asosiy kuchlarga qo'shiladi.

"Artilleriya hujumlariga qaramay, 30 kishi yaralangan, xolos", - deydi davlat rahbari.

Donetsk va Lugansk oblastlari o'rtasida joylashgan shahar uchun so'nggi haftalarda og'ir janglar kechgan. Poroshenko Rossiyani isyonchilarga yordam berayotganlikda ayblamoqda.

Vengriyaga tashrif buyurgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin masalaga falsafiy yondashdi:

"Albatta, mag'lub bo'lish hamisha yomon. Ayniqsa kechagi konchilar va mexaniklarga mag'lub bo'lish yomon. Biroq hayot davom etmoqda. Hozirgi vazifa hududdagi odamlarning hayotini saqlab qolish, oilalariga qaytishini ta'minlash, Minsk shartnomasiga rioya qilish. Boshqa yo'l yo'q", - dedi Putin.

Isyonchilar Debalsevodagi armiya kuchlarini halqaga olganini aytib, Ukraina askarlaridan qurollarini tashlab, taslim bo'lishga chaqirgan edi. Biroq Poroshenko qo'shinlarning qurshovga tushganini tan olishdan bosh tortgan. Isyonchilar kechaning o'zida 72 askar taslim bo'lganini bildirgan. Bu manzarani Youtube dagi videolarda ko'rish mumkin.

O'tgan hafta Minskdagi muzokaralar yakunida sulh imzolanib, Donbass mintaqasining aksariyat qismida otishmalar tingan.

AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden isyonchilarga Rossiya qo'shinlari yordam berayotganini da'vo qilmoqda.

"Rossiya 12-fevral kuni imzolangan Minsk shartnomasini buzishda davom etsa, jiddiy zarar ko'radi", deyiladi Oq uy bayonotida.

Kecha BMT Xavfsizlik Kengashi Rossiya muallifligidagi rezolyutsiya loyihasini bir ovozdan qabul qilgan. Hujjat Minsk shartnomasini qo'llab-quvvatlab, tomonlarni unga rioya qilishga, isyonchilarni esa Ukraina hududiy daxlsizligini hurmat qilishga chaqiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG