Ukrainada hukumatni iste'foga chiqarish harakati natija bermadi

  • Amerika Ovozi

Ukraina bosh vaziri Mikola Azarov (o'ngda)

Ukraina bosh vaziri Mikola Azarov (o'ngda)

Ukraina parlamentida hukumatga ishonchsizlik votumini bildirish harakati muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Hukumatni iste’foga chiqarish uchun 226 deputat roziligini berishi kerak, ammo 186 qonunchigina bu qarorni qo’llab-quvvatlagan.

Bosh vazir Mikola Azarov politsiya namoyishchilarni tarqatish maqsadida kuch ishlatgani uchun uzr so'ragan, ammo davlat idoralariga kirish yo'llarini to'sgani uchun ularni tanqid qilgan.

Muxolifat prezident Viktor Yanukovich hukumatini iste’foga chaqirmoqda. Prezident davlat tashrifi bilan Xitoyga jo’nab ketdi. Uning aytishicha, Ukrainadagi jarayonlar muhim, ammo iqtisod haqida ham o’ylash kerak. Xitoy bilan iqtisodiy sohalarda qator shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.

Kiyevda esa namoyishlar davom etyapti. Bugun parlament binosi qarshisida inqilobga da’vatlar yangragan.

Bosh vazir Azarov Kiyevdagi voqealarga baho berar ekan, namoyishchilar nazoratdan chiqayotganini, davlat to’ntarishi alomatlari ko’rinayotganini aytgan.

Muxolifat yetakchisi Arseniy Yatsenyuk erta saylovlar o’tkazishga chaqirmoqda.

Oq uy matbuot kotibi Jey Karni Kiyevda namoyishchilarga qarshi kuch ishlatilganini qoralab, Qo’shma Shtatlar tinch namoyishlarni davlat to’ntarishi deya baholamaydi, degan.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Ukrainadagi barcha tomonlarni bosiqlikka, zo’ravonlikka qo’l urmaslikka, muloqotni boshlashga chaqirdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin nazarida Ukrainada inqilobdan ko’ra ko’proq pogromlar bo’lyapti.

Namoyishlar prezident Yanukovichning Yevropa Ittifoqi bilan erkin savdo bitimini imzolashdan bosh tortgani ketidan boshlandi. Davlat rahbari kecha Yevropa Ittifoqi rahbariyati bilan bog’lanib, bitim shartlarini ko’rib chiqishni taklif qilgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG