Ukraina sobiq prezidentlari namoyishlarni qo'llab-quvvatladi

  • Amerika Ovozi

Namoyishchilar Kiyevda palatkalarda tunamoqda, Ukraina, 5-dekabr, 2013-yil

Namoyishchilar Kiyevda palatkalarda tunamoqda, Ukraina, 5-dekabr, 2013-yil

Kiyevda hukumatga qarshi namoyishlar davom etar ekan, Ukrainaning uch nafar sobiq prezidenti Leonid Kravchuk, Leonid Kuchma va Viktor Yushchenko ularni qo’llab-quvvatlab, qo’shma bayonot chiqargan.

Moldovaga safar qilgan AQSh davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, ukrainaliklar o’z kelajagini tashqi aralashuvsiz belgilashga haqli.

Bugun Kiyevda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti majlisi o'tmoqda. Guruhga a'zo ba'zi davlatlar Ukraina hukumati harakatlaridan norozilik bildirib, majlisga kichikroq toifadagi rasmiylarini yuborgan. Masalan, Kiyevga AQSh davlat kotibi Jon Kerri emas, uning muovini Viktoriya Nuland borgan.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Gido Vestervelle esa muxolifat yetakchilari bilan uchrashgan.

Muxolifat hukumatning Yevropa Ittifoqi bilan erkin savdo bitimini imzolashdan bosh tortganidan norozi.

Bosh vazir Mikola Azarov oppozitsiyani tartibsizliklarni uyushtirishga harakat qilayotganlikda ayblab, namoyishchilar chegaradan chiqmoqda, ba’zilari javobgarlikka tortilishi mumkin, dedi.

Xavfsizlik kuchlariga tinch namoyishchilarga qarshi kuch ishlatmaslik buyurilgan.
Prezident Viktor Yanukovich Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikdan chekinayotganimiz yo’q, qo’shni Rossiya bilan ham munosabatlarimiz muhim, degan.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Moskva Kiyevni iqtisodiy tomondan siquvga olgani uchun Yanukovich shunday qaror qabul qilishga majbur bo’lgan.

Jumladan, yil boshida Rossiya Ukraina importiga cheklovlar qo’yib, eksporti hajmini 25 foizga tushirib, iqtisodiyoti bundan zarar ko’rgan edi. Ukrainaning Rossiyaga gaz uchun yirik qarzi ham bor.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG