Kiyevdagi namoyishda bir odam o'lgan, 100 kishi yarador

  • Amerika Ovozi

Ukraina parlamenti yonida namoyishchilar politsiya bilan to'qnashmoqda, Kiyev, 31-avgust, 2015-yil

Ukraina parlamenti yonida namoyishchilar politsiya bilan to'qnashmoqda, Kiyev, 31-avgust, 2015-yil

Ukraina poytaxti Kiyevda yuzlab odam Oliy Rada yonida namoyish qilayotgan payt portlash yuz berib, Milliy gvardiyaning bir askari halok bo'ldi, yuz kishi jarohat olgan.

Ichki ishlar vaziri Arsen Avakov millatchi "Svoboda" partiyasi va uning rahbari Oleg Tyagnibokni portlashda ayblamoqda. Tyagnibok esa terror xurujida hukumatni aybladi. 25 yashar askar yuragiga tekkan o'qdan kasalxonada o'lgani aytilmoqda.

Namoyishchilar sharqiy viloyatlarga kattaroq muxtoriyat berishga qaratilgan qonun loyihasining qabul qilinganiga norozilik bildirib, politsiya bilan to'qnashgan.

Kuzatuvchilarga ko'ra, Prezident Petro Poroshenko G'arb bosimi ostida shunday tashabbus bilan chiqqan. Kiyevdan hokimiyatni demarkazlashtirish talab qilinmoqda.

G'arb nazarida bu Ukraina sharqida davom etayotgan mojaroni tugatishga yordam beradi. Biroq millatchi namoyishchilar nazarida hujjat sharqiy hududlarning qonunan isyonchilar qo'liga o'tishini ta'minlaydi.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kiyevdagi voqealar bo'yicha xavotir bildirib, zo'ravonliklarni qoraladi. Biroq, dedi u, Kreml jarayonlarni Ukrainaning ichki ishi deb biladi.

AQSh Davlat departamenti ham tashvishda. Departament matbuot kotibi Mark Toner voqeani tergov qilishga, namoyishchilarni esa zo'ravonlikka qo'l urmaslikka chaqirdi.

"Demokratik jamiyatda barcha masalalar tinch yo'l bilan hal etilishi kerak", - dedi u.

Ikki yil oldin Maydonda politsiya namoyishchilar bilan to'qnashib, Prezident Viktor Yanukovich hokimiyatdan ag'darilgan edi. Biroq Toner bugungi voqeani ikki yil avvalgi namoyishlarga qiyoslash xato, dedi.

"Maydonda tinch namoyish bo'lgan edi", - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG