Yatsenyuk: Putin Ukrainani davlat sifatida yo'q qilmoqchi

  • Amerika Ovozi

Arseniy Yatsenyuk, Ukraina Bosh vaziri

Arseniy Yatsenyuk, Ukraina Bosh vaziri

Ukraina Bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk Rossiya rahbari Vladimir Putinning asl maqsadi Ukrainani yo'q qilish deydi.

"Kreml bizni mustaqil davlat sifatida yakson qilishni xohlaydi",- deydi u.

Kiyevda o'tgan xalqaro anjumanda Yatsenyuk G'arbning yangi sanksiyalarini olqishladi va Rossiyani yanada qattiqroq jazolash kerak deya chaqirdi.

Yevropa Ittifoqi va Amerika Rossiyaning energetika, moliya va mudofaa sektorlarini turli cheklovlar bilan nishonga olmoqda.

Yangi sanksiyalar kechadan e'tiboran kuchga kirdi. Maqsad - Rossiya moliya tizimini global bozordan uzish.

Moskva bunga tegishli javob berishi haqida ogohlantirmoqda. Tashqi ishlar vazirligi AQShni dushmanona harakatlarda ayblamoqda.

Rossiyaning yirik banklari va kompaniyalarini kapital oqimidan ayirib, Vashington yirik hamkoridan yuz o'girmoqda.

Sanksiyalarni bekor qilish Kremlning qo'lida, deydi Oq uy rasmiylari. Rossiya agressiv siyosatini bas qilib, Ukraina sharqidagi separatistlarga yordamni to'xtatsin, Ukraina suverenitetini tan olib, bu mamlakatdan qadamini uzsin, niqobdagi harbiylarini olib chiqib ketsin, jumladam Qrimdan ham, deydi rasmiylar.

Putin esa Ukraina va separatistlar sulhga erishganiga ishora qilib, Yevropa va Amerika qadamlarini g'alati deya ta'riflamoqda.

Rossiya yuk mashinalari bu orada Luganskka insonparvarlik yordami yetkazish ilinjida Ukrainaga kirgan. Tekshiruvdan o'tmay manzil tomon yo'l olgan.

Hudud separatistlar nazoratida bo'lgani bois davlat kuchlari hech narsa qilolmayapti. Kiyev keskin norozi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG