Rossiyaning gumanitar karvoni chegarada tekshirilmoqda

  • Amerika Ovozi

Rossiyaning gumanitar karvoni bugun Ukraina chegarasiga yetib keldi. 300 ga yaqin oq rangdagi yuk mashinalarida nima ortilgani tekshiriladi. Ukraina sharqidagi rus aholiga ko’mak yubordik, deydi Kreml rasmiylari.

Kiyevda xavotir shuki, Rossiya yordam bahonasida Ukrainani bosib olishi yoki separatistlarga qurol yetkazishi mumkin.

Britaniya matbuotida chop etilgan maqolalar bu shubhalarni tasdiqlab turganday. “The Telegraph” va “Guardian” gazetalari gumanitar karvon to’xtagan joydan 30 kilometr narida Rossiyaning zirxlangan harbiy mashinalari yurgani haqida xabar tarqatdi.

Rossiya Ukraina sharqidagi bo’lginchilarga hech qachon qurol uzatmaganini da’vo qilib keladi. Niyatimiz xolis, olov ichida qolgan aholiga yordam qo’lini cho’zyapmiz, deydi Moskva mutasaddilari.

Ukraina milliy xavfsizlik kengashi xodimi Andrey Lisenko so’zlariga ko’ra, agar kolonna tarkibida harbiylar bo’lsa, orqaga qaytishi shart. Ular Ukrainaga kirishga harakat qilsa, aggressor deb qaraymiz va shunga yarasha javob beramiz, deydi u.

Yuzlab mashinalardagi yukni Xalqaro qizil xoch tashkiloti va Ukraina chegarachilari birgalikda tekshiradi. So’ngra xorijiy inspektorlar uni Lugansk shahriga yetkazishi rejalangan. Ammo avvalo Qizil xoch bu operatsiyaga mas’ul xodimlarining xavfsizligini ta’minlashni so’ramoqda.

Kecha Ukraina Bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk Rossiya tashabbusini tanqidga oldi.

“Biz o’zimiz sharqiy hududlarga 270 tonna mahsulot yetkazishni mo’ljallayapmiz. Bunda Xalqaro qizil xochdan yordam so’radik. Chunki u joylar Rossiya qo’llayotgan terrorchilar nazoratida. Rossiya 300 mashinasida banditlarini olib ketsa yaxshi bo’lardi”, - dedi Yatsenyuk.

Ukrainada ayrimlar Kremlning maqsadi g’arazli desa, boshqalar aholi ko’makka muhtoj ekanini aytadi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov insonparvarlik yordamini yetkazishda Kiyev qo’ygan barcha talablarga ko’nganmiz, demoqda. G’arb davlatlari esa Ukrainani ogoh bo’lishga chaqiryapti.

AQShning NATOdagi sobiq elchisi Kurt Volker fikricha, Rossiya Ukraina sharqini urush-janjalsiz nazoratga olish yo’llarini qidiryapti.

“Buzg’unchilik yo’li bilan, mayda qadamlar tashlab Rossiya bu hududlarni o’zlashtirishga harakat qilmoqda. Qrim juda tez ketdi. Sharqni egallash oson bo’lmayapti. Gumanitar karvonni yo’llab, Rossiya bu hududlarga yo’l topa olishini namoyish etmoqda”, - deydi sobiq diplomat.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin kecha Qrimga tashrif buyurdi. Kiyev tashrif yuzasidan rasman shikoyat qilgan. Putinning ta’kidlashicha, Ukrainada xunrezlikni darhol to’xtatish kerak.

Bu orada, Ukraina armiyasi separatistlarga qarshi harbiy operatsiyani davom ettirmoqda. O’tgan ikki kunda 25 kishi o’lgan. Bo’lginchilarga yetakchilik qilib kelgan Rossiya fuqarolari Igor Strelkov va Valeriy Bolotov Ukraina hududni tark etgani haqida xabarlar bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG