Ukraina: Rossiya bilan mojaro yangi bosqichga kirdi

  • Amerika Ovozi

Prezident Petro Poroshenko, 17-iyul, 2014

Prezident Petro Poroshenko, 17-iyul, 2014

Qariyb 300 kishini hayotdan olib ketgan voqea Rossiya va Ukraina o’rtasida ziddiyatni kuchaytirishi aniq. Ukraina va G’arbda yangrayotgan taxmin shuki, laynerni Rossiyaga moyil isyonchi kuchlar urib tushirgan.

Malayziyaga qarashli Boeing-777 samolyotini mamlakat hududida halokatga uchragani haqidagi xabar Ukrainada dahshat bilan qabul qilindi.

Hukumat Rossiya va u quvvatlayotgan bo’lginchi kuchlarni ayblamoqda.

“Ukrainada bu halokat o'ta dahshatli terrorchilik xuruji sifatida qabul qilinyapti. Bu xuruj Rossiya qo'llab turgan va janob Putinning g'oyalariga xizmat qilayotgan jangarilar tomonidan, Rossiya ko'magida amalga oshirilganiga ham shubha yo'q. Samolyot yuqori balandlikda, maxsus tayyorgarliklardan o'tgan odamlar tomonidan urub tushirilgan. Gap shundaki, havaskor jangarilarning hatto “Buk” tizimi bilan ham bunday balandlikdagi samolyotni urishi o'ta mashshaqqatli ish. Bu xuruj professionallar tomonidan amalga oshirilgani aniq”, - deydi Kiyevdan siyosiy tahlilchi Igor Gavrilov.

Boeing-777 ayrimachilar nazoratida bo`lgan Donetsk viloyati hududiga qulashi ortidan Rossiya axborot vositalarida chiqish qilgan ayirmachi guruh rahbarlari Ukraina harbiylarini aybladi. Tajribasizlik oqibatida ular Malayziya samolyotini nishonga olishgani ham da'vo qilindi. Prezident Vladimir Putin esa Ukraina hukumati javobgarlikka tutilishi kerak deydi.

“Rossiya, albatta, darhol o'z targ`ibot mashinasini ishga tushirdi. Biz Putinning targ'ibot mashinasi oqni qora, qorani esa oq deyishiga ko'nikib qoldik. Ukrainada samolyot jangarilar tomonidan urub tushirilgani shubha uyg'otmaydi. Bu borada inkor qilinmaydigan yetarli dalillar mavjud”, - deydi Gavrilov.

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko deydiki, bu terrorichilar amalga oshirgan jinoyat.

Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari Valentin Nalivaychenko Kiyevda o'tgan brifingda Boeing-777 ni urib tushirgan “Buk” rusumidagi raketa qurilmasi Donetsk hududiga Rossiyadan keltirilgan va rossiyalik harbiylar tomonidan safarbar etilgan, dedi.

Gavrilov tahlilicha, bu voqea Ukrainadagi urush chegaralarini yanada kengaytirdi. Bu halokat xalqaro jamoatchilikka Rossiya agressiyasini zudlik bilan to'xtatish lozimligini eslatdi.

Samolyot va yo’lovchilarning qoldiqlari yotgan hudud bo’lginchilar nazorati ostida. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti ekspertlaridan iborat guruh u yerga kirib tekshirishi uchun yo’l berilgan. Halokat sabablarini aniqlash uchun xalqaro komissiya tuziladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG